9 avgust sanasi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon sport olami uchun ham tarixiy kun sifatida yodda qoladigan bo‘ldi.
Aynan shu kun dunyo ahli O‘zbekistonni shaxmat olimpiadasining chempioni sifatida tan olgan, tanigan bo‘lsa, Turkiyaning Konya shahrida xalqaro sport maydoniga yangicha ruh, yangicha ob-havo olib kelayotgan V Islom birdamligi o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi.
V Islom birdamligi o‘yinlari tantanalarining o‘ziga xos jihati, uning ochilish marosimi muborak Qur’oni karim oyatlarini o‘qish bilan boshlandi.
Marosimda o‘yinlarda ishtirok etayotgan 56 ta mamlakat jamoalari tantanali paraddan o‘z bayroqlarini olib o‘tishdi.
O‘zbekiston sport jamoasi paradda bayroqdor sportchilarimiz — taekvondo bo‘yicha Olimpiya chempioni Ulug‘bek Rashidov va yoshlar o‘rtasidagi Jahon chempionati sovrindori bo‘lgan qilichboz qiz Zaynab Dayibekova yetakchiligida saflanishdi.
E’tiborli holat, maydonda eng katta jamoa bo‘lgan O‘zbekiston sportchilari safida jahon va olimpiya o‘yinlari g‘oliblari, sovrindorlari ko‘rinish berganda minglab tomoshabinlar gulduros olqishlar, hayqiriqlar bilan vakillarimizni qarshilashdi.
Marosimda ishtirokchi davlat sportchilarini, faxriy mehmonlarni qutlab Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an nutq so‘zladi va Islom birdamligi o‘yinlarini ochiq, deb e’lon qildi.
Shundan so‘ng o‘ziga xos musiqa sadolari yangradi, teatrlashtirilgan sahna, rang-barang jilolar, raqqoslar ajib ko‘rinishlar hosil qilishdi, murakkab kompozitsion harakatlar keng maydon uzra va havoda tasvirlandi.
Bevosita V Islom birdamligi o‘yinlarining bahslariga to‘xtaladigan bo‘lsak, kecha yurtimiz sportchilari 5 ta sport turida sovrinli o‘rinlar uchun o‘tgan musobaqalarda qatnashdi.
Stol tennischilarimiz jamoaviy bahslarda omadsiz qatnashgan bo‘lsa, para suzishda shu paytgacha 2 ta medalga sazovor bo‘lgan Azizbek Boynazarov kechagi bahslarda ham munosib qatnashdi. 100 metrga brass usulida suzish dasturida marrani uchinchi bo‘lib kesib o‘tdi. Shuningdek taekvondochimiz Charos Qayumova 53 kilogramm vaznda bronza medaliga ega chiqdi.
O‘tkazilgan musobaqalar sarhisobiga ko‘ra, umumjamoa hisobida 16 ta oltin, 14 ta kumush, 9 ta bronza medali bilan turkiyaliklar davlatlar ro‘yxatida yetakchilik qilmoqda. 2-o‘ringa ko‘tarilgan Eron sportchilari 5 ta oltin, 9 ta kumush, 4 ta bronzaga ega. 3-o‘rindan joy olgan Qozog‘iston jamoasi 5 tadan oltin-bronza hamda 1 ta kumushli bo‘lib turibdi.
Mamlakatimiz sportchilari esa hozircha 3 ta oltin, 2 ta kumush va 6 ta bronza bilan kuchli to‘rtlikda bormoqda.
Bugungacha o‘yinlarda qatnashayotgan 56 ta davlatdan 22 tasining sportchilari sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, qolgan 34 tasi hali biron bir medalga musharraf bo‘lmadi.
Bugun, 10 avgust kuni V Islom birdamligi o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan o‘q otish, yengil atletika, badiiy gimnastika, suzish, taekvondo, kamondan otish kabi qator sport turlarida sovrinli o‘rinlar uchun musobaqalar bo‘lib o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
Muhammad Amin (surat), O‘zA