Nukusda yoshlar o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun mini futbol musobaqasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibi aniqlandi.
Ushbu musobaqa uyushmagan, kam ta’minlangan va ishsiz yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek, sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishda, chekka hududlarda mini futbol va futbolni ommalashtirish, iqtidorli sportchilarni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Barcha raqiblari ustidan g‘alaba qozongan Nukus tumanining “Oqmang‘it” hamda To‘rtko‘l tumanining “Ullibog‘” jamoalari finalga yo‘llama oldi. Uchrashuvning asosiy vaqti 3:3 hisobida durang bilan yakunlandi. Penaltilar bo‘yicha To‘rtko‘l tumanining futbolchilari g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi g‘olibi bo‘ldi.
Shuningdek, Taxtako‘pir tumani jamoasi ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozongan Nukus shahrining “Nao‘pir” jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Bugun futbol bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun musobaqaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi final o‘yini bo‘lib o‘tadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA