Yangi ixtiro 380 milliard so‘m tejaydi

O‘n yetti yil gaz tarmog‘ida faoliyat yuritib, hozir tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan to‘rtko‘llik Ma’rufjon Rajapboyev tabiiy gazni filtrlaydigan uskuna ixtiro qildi.

Bu uskunaning muhim tomoni shundaki, undan gaz ta’minoti sohasida keng qo‘llanilsa, davlat yiliga 380 milliard so‘m tejaydi.

5.jpg

Barchamizga ma’lum, tabiiy gaz bir necha bosqichda tozalanishiga qaramasdan, iste’molchilarga yetib borgunga qadar gaz quvurlari ichki tomoni yemirilishi oqibatida keraksiz chiqindilar bilan to‘lib boradi. Ushbu chiqindilar bevosita gaz hisoblagich mexanizmiga kelib tushadi. Bu esa mexanizmning buzilishiga, tabiiy gaz ko‘lamining to‘g‘ri hisoblanmasligiga, texnik yo‘qotishlar ko‘payishiga, egasi aniqlanmagan noreal qarzdorlikning ortib ketishiga olib keladi.

Mamlakatimiz bo‘yicha 4 milliondan ortiq gaz hisoblagichning texnik yo‘qotishini kuniga taxminan 1 metr kubga kamaytirish natijasida egasi aniqlanmagan gazning sarflanish miqdori oyiga 120 million metr kubni, yiliga 1 ming 440 million metr kubni tashkil etadi. Natijada noreal qarzdorlikni 380 milliard so‘mga kamaytirish mumkin bo‘ladi.

2.jpg

To‘rtko‘l tumanida joylashgan «Safety filtr» mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan tabiiy gazni filtrlaydigan ushbu uskunaga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi va «O‘zstandart» agentligining muvofiqlik sertifikati hamda Rossiya Federatsiyasi «Rospatent» agentligining patenti berildi.

Hozir tabiiy gazni filtrlaydigan bu qurilma To‘rtko‘l tumanida gaz zaxirasidan samarali va tejamli foydalanishga xizmat qilmoqda.

 

Miyrigul Pirnazarova, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA