Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator qonun loyihalari deputatlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.

Qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi

Majlisda dastlab “Elektron dalillar bilan ishlash tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi muhokama qilindi. Ushbu qonun loyihasi bo‘yicha deputat Rasul Kusherboyev atroflicha ma’lumot berdi.

Ta’kidlanganidek, mazkur qonun loyihasi bilan elektron dalillarga qanday hujjatlar, ma’lumotlar kiritilishi belgilanmoqda. Ya’ni, ovozli yozuvlar, videoyozuvlar, kinotasvirlardan iborat ma’lumotlar elektron dalillar hisoblanishi nazarda tutilmoqda.

Muhokama davomida deputatlar loyiha yuzasidan fikrlarini, ayrim e’tirozlarni bildirdi. Undagi ayrim moddalarni qayta ishlash bo‘yicha takliflar aytildi. O‘zMTDP fraksiyasi vakillari loyihani mas’ul qo‘mitaga qaytarish va yanada takomillashtirish zarurligini bildirdi. Bildirilgan fikrlar inobatga olingan holda qonun loyihasi mas’ul qo‘mitaga qaytarildi.

Elektron tijoratga oid munosabatlar

Shundan so‘ng majlisda “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonun loyihasi xalq vakillari tomonidan ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.

– Mazkur hujjat joriy yilning 15 mart kuni deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilingan edi, – dedi qonun loyihasi yuzasidan ma’ruza qilgan deputat Shohista Turg‘unova. – O‘tgan vaqt mobaynida qonun loyihasi deputatlar bergan taklif va tavsiyalar asosida maromiga yetkazildi. Havolaki normalar loyihadan chiqarilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan moddalar kiritildi. Qonun loyihasida elektron hujjatlarning yuridik kuchi, ofertaga qo‘yiladigan talablar, elektron hujjatlarni saqlash xususiyatlari, elektron bitimni amalga oshirish tartibi, elektron shartnomalarni tuzish shartlarini belgilash nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, elektron tijoratda xaridorning shartlari to‘liq qondirilmaguncha axborot tizimida pul mablag‘larini ushlab turish imkoniyatini beruvchi pulni deponentlash tizimini joriy qilish, yuridik shaxslar bilan bir qatorda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga elektron tijorat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini berish belgilanmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi soha rivojiga hissa qo‘shish bilan bir qatorda, uning ishtirokchilari o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga soladi, – dedi ma’ruzachi.

Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan yana bir qator takliflar, fikr-mulohazalar bildirildi, savollar berildi. Qizg‘in muhokamalan so‘ng qonun loyihasi ma’qullanib, qabul qilindi.

Ko‘chmas mulkka doir huquqlar takomillashtiriladi

Majlisda deputatlar tomonidan “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

– Mazkur qonun loyihasi ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan qoidalarning o‘zaro muvofiqlashtirilmagan normalarini bartaraf etishga, bir-biriga zid atamalar hamda tushunchalarning birxilligini ta’minlashga xizmat qiladi, – dedi loyiha yuzasidan ma’ruza qilgan deputat Ravshanbek Begmatov. –Qonun loyihasida ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlar davlat reyestri, ro‘yxatdan o‘tkazish ishini va biznes jarayonlarni elektron shaklda axborot tizimlari orqali yuritish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, mulkdorning qarori yoki mulkdorlarning bitimi asosida ko‘chmas mulklarni bo‘lish va qo‘shish mexanizmlarini joriy etish, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish harakatlarini amalga oshirishni rad etish asoslarining aniq ro‘yxati belgilanmoqda.

Bundan tashqari, vakolatli organlar qarori asosida ko‘chmas mulkka taqiq qo‘yilganda, bu haqda huquq egalarini xabardor etish ko‘zda tutilmoqda. Qonun loyihasi bo‘yicha fraksiyalarning pozitsiyalari, takliflari olinib, loyiha yanada takomillashtirildi.

Qonun loyihasi moddama-modda qizg‘in muhokama qilinib, deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Nikohni kayd etishning bir oylik muddati o‘zgaradimi?

Oila xalqimizda eng muqaddas maskan sifatida qadrlanadi. Oila bilan bog‘liq munosabatlar O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksida mukammal ifodasini topgan. Chorak asrdan ortiq davrdan buyon ushbu kodeks faol ishlab kelmoqda.

Endilikda O‘zbekistan Respublikasi Oila kodeksining tegishli moddalariga o‘zgartishlar kiritilib, nikohni kayd etishning bir oylik muddati va uni kisqartirish uchun asos bo‘luvchi holatlar bekor qilinmoqda. Shu maqsadda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi. Bu bo‘yicha Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasi bilan nikohlanuvchi shaxslar majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tganlaridan so‘ng nikohni rasmiylashtirish tartibi belgilanmokda. Amaldagi Oila kodeksiga ko‘ra, nikohlanuvchilar FHDYO organlariga ariza berganlaridan keyin 1 oy o‘tgach, ularning nikohi qayd қилинади. Ushbu vaqt doirasida nikohlanuvchilar majburiy tibbiy кўрикдан ўтишади. Alohida hollarda (xomiladorlik, bola tug‘ilishi, bir tarafning kasalligi va boshqalar) ushbu muddatdan oldin ruxsat berilishi mumkin.

Ushbu muddatni kiskartirish uchun asos buluvchi holatlar aniq belgilanmaganligi sababli qonun normasi amaliyotda turlicha ko‘llanilmokda. Shu bilan birga, bugungi kunda nikohni qayd etish bilan bog‘liq qator salbiy holatlar uchramoqda. Masalan, 2021 yilda qayd etilgan 305 mingta nikohning 50 mingga yaqini bir oy o‘tmasdan qayd etilgan.

Deputatlar qonun loyihasi bo‘yicha qator savollar bilan murojaat qildi, takliflarini bildirdi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Ҳимоя orderi talablarini bajarmaslik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Qonunchilik palatasi majlisida muhokama qilingan navbatdagi masala “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.

Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Yaxyobek Abdulhaqov ma’ruza qildi.

– Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy asoslari mustahkamlanib, xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilishga, ular uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlarini, shu jumladan, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan bir qator qonunlar qabul qilindi.

Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi, xotin-qizlarga tazyiq o‘tkazayotgan yoki ularga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan shaxsga yoxud bir guruh shaxslarga nisbatan qonuniy ta’sir ko‘rsatish choralari sifatida “himoya orderi” instituti joriy etildi. Qonunchilikka muvofiq, himoya orderi tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlanuvchiga taqdim etiladi. Uning nusxasi tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxsga beriladi.

Mazkur shaxslar himoya orderining shartlari hamda uni bajarmaslik oqibatlari va zo‘ravonlik xulq-atvorini o‘zgartirish bo‘yicha tuzatish dasturlaridan o‘tish zarurligi to‘g‘risida xabardor qilinadi. Qolaversa, himoya orderi talablarini bajarmaslik, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi. Biroq, tegishli javobgarlik belgilangan bo‘lishiga qaramasdan, tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmasdan xotin-qizlarga nisbatan takroran tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlik sodir etish holatlari ortib bormoqda.

Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 2061-moddasiga o‘zgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi bilan himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Amalda himoya orderi talablarini bajarmaslik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima belgilangan. Endilikda esa ushbu miqdorni besh baravaridan o‘n baravarigacha etib belgilash taklif qilinmoqda. Jarima miqdorining oshirilishi tazyiq o‘tkazgan va (yoki) zo‘ravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil bo‘lgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bijarilishiga, xotin-qizlar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasining ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Mazkur hujjat yuzasidan so‘z olgan deputatlar o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Jumladan, deputat Navro‘z Yusupov inson huquqlari muhim ekanligini qayd etib, loyihada tazyiq o‘tkazish va zo‘ravonlikni takror sodir etganlik uchun javobgarlik masalasi mavjud emasligini bildirdi. Bunga javoban vazir o‘rinbosari takroriy holatlar 2-3 foizni ham tashkil qilmasligini ma’lum qildi.

Qonun loyihasi bildirilgan takliflar, mulohazalar asosida ma’qullanib, qabul qilindi.

Parlament quyi palatasi majlisi kun tartibidagi barcha masalalar ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA