Prezident raisligida o‘tkazilayotgan yig‘ilishda qabul qilinadigan qarorlar bilan kerakli shart-sharoitlar yaratib berilishi ta’kidlandi.

Eng avvalo, sanoat zonalarida bo‘sh turgan 6,6 ming gektar maydonning elektr, suv, yo‘l va boshqa infratuzilma masalalari hal qilib beriladi.

Prezident topshirig‘iga asosan maxsus ishchi guruh sanoat zonalarining infratuzilmasini xatlovdan o‘tkazdi va tumanma-tuman loyihalar ro‘yxatini shakllantirdi.

Shu munosabat bilan mutasaddilar, viloyat hokimlariga:

–  bir oy muddatda 40 ta sanoat zonasidagi 120 kilometr yo‘l bo‘yicha pudratchilarni aniqlab, qurilish ishlarini boshlash;

–  1 oktyabrga qadar 246 ta sanoat zonasini elektr tarmog‘i, transformator va podstansiyalar bilan ta’minlash;

–  joriy yilda 200 ta sanoat zonasida 555 kilometr suv tarmog‘i va 110 ta suv inshootini qurib yakunlash topshirildi.

Umuman, sanoat zonalari infratuzilmasini yaxshilash uchun joriy yilda 1,5 trillion so‘m yoki 2021 yilga nisbatan 2 baravar ko‘p mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Yig‘ilishda hokimlarning ajratilayotgan mablag‘lar hisobidan ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha rejalari qoniqarsiz ekanligi, bir hafta muddatda ushbu rejalarni ajratilayotgan mablag‘larga mos ravishda qayta ko‘rib chiqishga topshiriq berildi.

Umuman, viloyat hokimlari, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi yil yakuniga qadar sanoat zonalarida 2 mingta yangi loyihani ishga tushirishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Viloyat hokimlari oldiga bu loyihalar hisobiga qo‘shimcha 110 mingta ish o‘rni yaratish, 17,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarish, kamida 1 milliard dollarlik eksport qilish uchun sharoit yaratish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, infratuzilmasi hal etilgan sanoat zonalarida 1 mingdan ziyod yangi loyihaga yetadigan yer maydonlari mavjudligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ikki oy muddatda 174 ta maxsus zonada kamida 250 ta yer maydonini auksionga chiqarib, loyihalarni boshlashga ko‘rsatma berildi.

O‘zA