Toshkentda 17 may kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘simliklar karantini sohasidagi vazirlik, idoralari rahbarlarining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
SHHT Bosh kotibi Chjan Min uchrashuv ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi.
Tadbirda o‘zaro ishonch, manfaatli hamkorlik, teng huquq va sivilizatsiyalar xilma-xilligini hurmat qilishga asoslangan “Shanxay ruhi” tamoyilidan kelib chiqib amalga oshiriladigan hamjihatlikdagi sa’y-harakatlar dolzarb muammolar va strategik vazifalarni hal etishda muhim mexanizm yaratish imkonini berishi alohida ta’kidlandi.
Ma’lumki, o‘zaro savdoni rag‘batlantirish va tuzilmaga a’zo mamlakatlar qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorini bosqichma-bosqich ochishga ko‘maklashish, shuningdek, o‘simliklar karantini sohasida faoliyat yurituvchi markaz va laboratoriyalar ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirishga ilmiy-texnikaviy yondashuv SHHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning muhim yo‘nalishlari hisoblanadi.
Shu ma’noda O‘zbekiston tomonidan SHHTga raislik doirasida o‘simliklar karantini sohasida ko‘p tomonlama hamkorlikni va o‘zaro ishonchni mustahkamlash hamda xalqaro savdo-iqtisodiy aloqani yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida yangi formatdagi maxsus platforma yaratish taklif etilgani ahamiyatli. Zero, SHHT qoidalarini joriy etish, o‘simliklarni himoya qilish va mahsulotlarni tashish tartibini uyg‘unlashtirish bo‘yicha xalqaro konvensiya va BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan qabul qilingan strategik maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi. Shu tariqa O‘zbekiston SHHT doirasida jahon oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shadi. Kuzatuvchi davlatlar va hamkorlar ishtiroki esa o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarni kengaytirishga yo‘l ochadi. Bularning bari mamlakatimizning o‘z vaqtida ilgari surgan istiqbolli tashabbusi natijasi, deyish mumkin.
Yangi mexanizm kun tartibidan bir qator dolzarb masalalar o‘rin olgan. Xususan, ishtirokchilar o‘z davlatlari hududini tartibga solinadigan zararli organizmlar kirib kelishidan himoya qilish, a’zo davlatlar o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosini oshirishga ko‘maklashishi maqsadida o‘simliklar karantini bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, ushbu yo‘nalishda tajriba va axborot almashish, shuningdek, nazorat qilinadigan mahsulotlarni olib o‘tishda o‘zaro ta’sir va kuzatuvni ta’minlash masalalarini muhokama qilishdi.
Bundan tashqari, tomonlar o‘simliklar karantinini ta’minlashda qo‘shma chora-tadbirlar, jumladan, SHHTga a’zo davlatlar Davlat rahbarlari kengashi va Hukumat rahbarlari kengashi qarorlarini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejalarini belgilangan muddatlarda ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri