Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun bo‘lib o‘tgan majlisida «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Taklif etilayotgan qonun loyihasining maqsadi – ko‘chalar, shohko‘chalar, mahallalar, maydonlar, bog‘larga va aholi punktlarining boshqa tarkibiy qismlariga ayrim odamlar, jamoat arboblari, siyosiy arboblar ismi-sharifini berishni tartibga solishdan iborat.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining «Geografik ob’ektlarning nomlari to‘g‘risida»gi qonunida geografik ob’ektlarga nom berishda mahalliy aholining fikrini hisobga olish belgilangan. Ammo amaldagi qonunchilikda aholining fikrini hisobga olish, shu jumladan, fuqarolar tomonidan geografik ob’ektlarga nom berish tashabbuslarini ilgari surish tartibi nazarda tutilmagan.
Shuningdek, tarkibida tumanlar mavjud bo‘lgan shaharlarda (Toshkent, Namangan va Andijon) geografik ob’ektlarga nom berish vakolati tuman Kengashlariga berilgani ushbu yo‘nalishdagi faoliyatni samarali muvofiqlashtirish hamda qonunchilik hujjatlarining aniq va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlashga to‘sqinlik qilmoqda.
Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi orqali geografik ob’ektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflarni tayyorlash jarayonida mazkur geografik ob’ekt joylashgan hududda yashovchi mahalliy aholining fikri hisobga olinadi.
Shuningdek, «Tadbirkorlik sub’ektlarining qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimi hamda shartnomaviy munosabatlarning takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ham ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA