Osiyo Olimpiya kengashi ijroiya qo‘mitasining 77-yig‘ilishi doirasida poytaxtimizda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi tashkil etilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Mamlakatimiz sport hayotida muhim ahamiyat kasb etgan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Milliy Olimpiya qo‘mitasi va olimpiya harakati a’zolariga yo‘llagan tabrigi o‘qib eshittirildi. Shundan so‘ng, MOQ faoliyatiga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi.

Bayram shodiyonalari davomida turli nominatsiyalarda g‘oliblarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unga ko‘ra, “Olimpiadalarda eng ko‘p medal keltirgan federatsiya” nomiga O‘zbekiston boks federatsiyasi, “Olimpiya rekordchilarini tarbiyalagan federatsiya” deya O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi, shuningdek “30 yillikda uzluksiz medallarni qo‘lga kiritgan assotsiatsiya” sharafiga O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi sazovor bo‘ldi.

O‘tgan 30 yillik olimpiya harakati davomida Vatanimiz olimpiyachilari 7 ta yozgi va 8 ta qishki olimpiya o‘yinlarida mustaqil O‘zbekiston sport jamoasi sifatida ishtirok etib, umumiy hisobda 39 ta medallar shodasiga ega chiqqan. O‘zbekiston nomini jahon maydonlari uzra yuksaltirgan. E’tiborlisi, olimpiya o‘yinlaridagi medallarning 13 tasi oltin bo‘lgani o‘ziga xos tarixiy ahamiyatga ega.

Albatta, sharafli g‘alabalar, murakkab olimpiya bellashuvlaridagi har bir yutuq tub zamirida davlatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportga, olimpiya harakatiga berilayotgan alohida e’tibor, olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar yotganini ta’kidlamoq lozim.

Osiyo sportida, xususan futbolda Mirjalol Qosimovning qanchalik o‘rni bo‘lsa, dzyudochilarimiz Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov, afsonaviy gimnastikachimiz Oksana Chusavitinaning ham betakror sport natijalari, shov-shuvli g‘alabalari hamisha millionlab sportsevarlarni hayajonlantirib keladi. Bu, O‘zbekiston olimpiya harakatining qisqa 30 yillikdagi ulkan muvaffaqiyatlariki, uning shiddati, zavqi yana ming-minglab yoshlarni yangi zafarlar, yangi rekordlar sari ilhomlantiraveradi.

Bayram tantanalari davomida Mirjalol Qosimov 1991-2001 yillar oralig‘ida, Abdulla Tangriyev 2001-2011 yillar kesimida, Oksana Chusovitina 2011-2021 yillar davomida O‘zbekistonning eng sermahsul sportchilari sifatida taqdirlandi. Rishod Sobirov “Olimpiya o‘yinlarida eng ko‘p medalga ega chiqqan sportchi” sifatida mukofotlandi. Ravshan Ermatov “O‘zbek sportini dunyoga targ‘ib qilishdagi xizmatlari uchun” taqdirlandi.

Shu bilan birga, futbol bo‘yicha 1994 yilgi O‘zbekiston milliy terma jamoasi “30 yillikning eng shonli terma jamoasi”, deya tan olinishi ham Vatanimiz sport salohiyatidan nishonadir.

Bundan tashqari, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsisi raisi Salim Abduvaliyev, dzyudo bo‘yicha Atlanta Olimpiadasi sovrindori Armen Bagdasarov, Tokio olimpiadasi g‘olibi Ulug‘bek Rashitov va boshqalarga tegishli mukofotlar topshirildi.

Albatta, yuksak g‘alabalarga izlanuvchan, yangilikka intiluvchan, talabchan murabbiy va mutaxassislarning mehnati, yo‘l-yo‘rig‘i orqali erishiladi. O‘zbek olimpiyachilari tarixida qo‘lga kiritilgan yutuqlarda ham murabbiylarning alohida o‘rni bor. Shu ma’noda, boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Marat Qurbonov “30 yillikning eng sovrindor murabbiyi”, deya sharaflanishi O‘zbekiston olimpiyachilarining ustozlariga, qolaversa boks murabbiylariga ko‘rsatilgan hurmat belgisi bo‘ldi.

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasining 30 yilligiga bag‘ishlangan kecha o‘zbek estradasining yorqin vakillari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar bilan davom etdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Osiyo Olimpiya kengashi prezidenti vazifasini bajaruvchi Raja Randxir Singx, Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi vakili Olive Luis Niamkey va bir qator xorijiy davlatlarning milliy olimpiya qo‘mitasi rahbarlari, mamlakatimizdagi sport federatsiyalarning mutasaddilari ishtirok etishdi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA