Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov rahbarligida O‘zbekistonning Vengriya, Qirg‘iziston va Tojikiston bilan investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy hamkorligi masalasi, aloqani yanada faollashtirish bilan bog‘liq amaliy choralar muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensiya yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda vazirlik, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy hokimiyat idoralari rahbarlari, respublikamizning Vengriya, Qirg‘iziston va Tojikistondagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, shu mamlakatlardagi tadbirkorlar bilan bevosita hamkorlik qilayotgan ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
2021 yil Vengriya, Qirg‘iz Respublikasi va Tojikiston Respublikasi bilan o‘tkazilgan yuqori darajadagi tadbirlar yuksak amaliy ahamiyat va samaradorlikka ega bo‘lib, uchrashuvlar yakunida tegishli “Yo‘l xaritalari” qabul qilingani ta’kidlandi.
Yig‘ilish davomida amaldagi kelishuvlar ijrosi atroflicha ko‘rib chiqildi, yuzaga kelgan masalalar tahlil qilindi. Muammolarni tezkor hal qilish yo‘llari ishlab chiqilib, mas’ullarga tegishli ko‘rsatma berildi.
Xususan, ikki tomonlama shartnomalarni xatlovdan o‘tkazish, muammoli masalalar ustida ish olib borish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan qo‘shimcha muzokaralar tashkil etish belgilandi. Tasdiqlangan investitsiya loyihalarining vaqtida bajarilishini ta’minlash va tashabbuskorlarga amaliy yordam ko‘rsatish vazifasi qo‘yildi.
Tarmoq birlashmalari rahbarlari tomonidan investitsiya va savdo hamkorligini rivojlantirishning joriy holati, shuningdek, kelgusi rejalar to‘g‘risidagi hisobotlar taqdim qilindi. Iqtisodiy munosabatlarni chuqurlashtirish maqsadida mavjud imkoniyatlardan maksimal darajada foydalanish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Muloqot yakunida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga qisqa muddatda yangi istiqbolli investitsiya loyihalari va savdo bitimlari ro‘yxatini taqdim etish, xorijiy hamkorlar bilan muzokaralarni faollashtirish topshirildi.
O‘zA