Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bolalar jamg‘armasi – YUNICYeF Afg‘onistonda so‘nggi bir hafta ichida sodir etilgan portlashlarda kamida 50 nafar bola qurbon bo‘lganini ma’lum qildi.
– Afg‘onistonda 50 dan ortiq o‘g‘il va qiz inson huquqlarining qo‘pol ravishda buzilishi natijasida hayotdan ko‘z yumdi, – dedi YUNICYeF mintaqaviy direktori Jordj Larea-Adjey. – Afsuski, hisobotda ko‘rsatilgan raqamlar yana oshishi mumkin.
“Interfaks” agentligi xabariga ko‘ra, Qunduz shahridagi Mavlaviy Sekandar masjidida juma kuni sodir bo‘lgan portlash tufayli kamida to‘rt bola o‘lgan, ko‘plab fuqarolar jarohat olgan.
Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi ma’lum qilishicha, 21 aprel kuni uchta shaharda qator teraktlar sodir etilgan.