Toshkentda 20 aprel kuni Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘yicha vakolatli organlari rahbarlarining o‘n ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
SHHTning giyohvandlikka qarshi uch bosqichli mexanizmini amalga oshirish doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda O‘zbekiston, Hindiston, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Pokiston, Rossiya, Tojikiston hamda SHHT Kotibiyatidan giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘yicha vakolatli idoralar rahbarlari ishtirok etdi.
So‘nggi paytda narkotik moddalarning noqonuniy aylanishi bilan bog‘liq sintetik giyohvand vositalar va yangi psixofaol moddalar keng tarqatilishi, shuningdek, narkotik ishlab chiqarishda qo‘llanadigan kimyoviy moddalarning doimiy ravishda noqonuniy aylanishi kabi yangi tendensiyalar namoyon bo‘lmoqda. Qolaversa, qo‘shni Afg‘onistondagi mavjud vaziyat munosabati bilan shimoliy yo‘nalish orqali giyohvand moddalar kontrabandasi o‘sishi ham dolzarbligicha qolmoqda.
Xavfsizlik sohasida yuzaga kelgan hozirgi murakkab davrda mintaqamiz giyohvand moddalar keng tarqalishi tahdidi bilan yuzma-yuz kelmoqda. Bunday sharoitda SHHT nufuzli xalqaro tashkilot sifatida bu baloga qarshi kurashda faollik ko‘rsatishi, a’zo davlatlarning narkotik moddalarga qarshi kurash bo‘yicha sa’y-harakatini muvofiqlashtirib borishi hamda giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlarga qarshi kurash bo‘yicha huquq-tartibot organlari qo‘shma faoliyatini mustahkamlashi lozim.
Ma’lumki, narkotik moddalarni nazorat qilish sohasida SHHT formatidagi hamkorlik Bitimi 2004 yil 17 iyun kuni Toshkentda imzolangan. Shundan buyon mazkur hujjat doirasida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi (NMNMATM) ushbu Bitim doirasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublikamizning milliy darajadagi vakolatli organi etib belgilangan.
Hujjat doirasida markaziy vakolatli idoralar – Tashqi ishlar, Ichki ishlar, Adliya, Xalq ta’limi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari, NMNMATM, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi o‘zaro sheriklar hisoblanadi.
Bitimni hayotga joriy qilish maqsadida 2009 yil SHHT mamlakatlari giyohvandlikka qarshi hamkorligining uch bosqichli mexanizmi yaratildi. Tashkilotga a’zo davlatlarning narkotik moddalar noqonuniy aylanishiga qarshi kurashish vakolatiga ega vakolatli idoralari rahbarlari, giyohvandlikka qarshi kurash organlari yuqori mansabdor shaxslari yig‘ilishlarini o‘tkazish, Ekspertlar ishchi guruhlarini shakllantiirish, Hamkorlikning huquqiy asosini takomillashtirish va boshqa bir qator yo‘nalishlar va vazifalar belgilab olingan.
Mexanizm doirasida 2018 yili SHHTga a’zo davlatlarning 2018-2023 yillarga mo‘ljallangan giyohvandlikka qarshi strategiyasi ishlab chiqilib, hujjat ijrosini ta’minlashga qaratilgan Harakatlar dasturi qabul qilindi. Ayni payt vakolatli idoralar tomonidan ushbu dasturni hayotga tatbiq etish bo‘yicha ish rejasi amalga oshirilmoqda.
Vakolatli idoralar rahbarlarining bu galgi yig‘ilishida 2004 yil 17 iyunda imzolangan hujjatda belgilangan maqsadlar, xususan, narkotik moddalar, psixotrop vositalar va prekursorlarning noqonuniy savdosiga qarshi kurashda Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning birgalikdagi harakatiga baho berildi. Tomonlar umumiy strategiya doirasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish zarurligi xususida yakdil fikr bildirishdi.
Uchrashuvda delegatsiya rahbarlarining SHHT mamlakatlari o‘rtasidagi Bitim doirasida amalga oshiriladigan kelgusi ishlar yuzasidan chiqishlari tinglandi. Tashkilotning 2018-2023 yillarga mo‘ljallangan narkotik moddalarga qarshi kurash strategiyasi, mazkur hujjatni amalga oshirish uchun qabul qilingan Harakatlar dasturi, shuningdek, giyohvandlikning oldini olish, mazkur xastalikni davolash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirishda vakolatli organlar hamkorligini kuchaytirish belgilandi.
Tadbir yakuni bo‘yicha tegishli Protokol imzolandi.
Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar giyohvand moddalarga qarshi kurash bo‘yicha vakolatli organlari rahbarlarining keyingi, o‘n uchinchi yig‘ilishini 2023 yil birinchi yarmida Hindiston Respublikasida o‘tkazishga kelishildi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri