Joriy yil 20 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Uni Senat Raisi Tanzila Norbooyeva olib bordi.
Majlis Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarda o‘rganishlar olib borayotganliklari tufayli onlayn shaklda o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisini 2022 yil 28 aprel kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Videokonferensaloqa shaklida ikki kun davom etadigan yalpi majlisda bir qator masalalar ko‘rib chiqilishi nazarda tutilgan.
“Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi, “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suvlarni chiqarib yuborish to‘g‘risida”gi, “Qo‘riqlash faoliyati to‘g‘risida”gi, “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi, “Qurol to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi, “O‘simliklar karantini va himoyasi to‘g‘risidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunlarni muhokama etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, senatorlar tomonidan 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturining 2022 yil I choragidagi ijrosi yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining hisoboti muhokama qilinadi.
Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Sh. G‘aniyevning fermer xo‘jaliklari faoliyati kafolatlarini ta’minlash holati yuzasidan axborotini ham eshitadi.
Yalpi majlisda Hisob palatasi, Markaziy bank, Bosh prokurorning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari, Bolalar masalalari bo‘yicha milliy komissiya hamraisining o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati yuzasidan axboroti eshitiladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021 yilda huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqidagi axboroti, shuningdek, qonunlarning ijrosi holati, huquqni qo‘llash amaliyotini o‘rganish va qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi yuzasidan amalga oshirilgan monitoring natijalari ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda Andijon viloyati hokimining ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, uning daromadini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ishlar haqidagi hisobotini ham eshitish nazarda tutilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021 yil 31 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosatining hududlarda amalga oshirilishi bo‘yicha reyting tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi Qarori ijrosi ko‘rib chiqilishi ham rejalashtirilgan.
O‘zA