Bugun Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bir qator masalalar va qonun loyihalari ko‘rib chiqildi.
Dastlab majlisda Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Yoshlar masalalari bo‘yicha komissiyasi raisi lavozimiga Muhammad Valiyev nomzodi ma’qullandi.
Shundan so‘ng deputatlar “Davlat kadastrlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqdilar. Ushbu hujjatda sohani yanada takomillashtirish, ma’lumotlar haqqoniyligini ta’minlash masalalari o‘z aksini topmoqda.
Xususan, loyiha bilan “Davlat kadastrlari to‘g‘risida”gi qonunning 8 ta moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilyapti. Kadastr agentligi Milliy geografik axborot tizimini yuritish sohasida maxsus vakolatli organ hisoblanishi, davlat kadastrlarining yagona tizimi O‘zbekiston Respublikasi Milliy geografik axborot tizimida shakllantirilishi, davlat kadastrlari ma’lumotlari axborot xavfsizligi talablariga rioya qilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri taqdim etib borilishi va boshqa normalar o‘z ifodasini topgan.
Xalq vakillari qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayonida mamlakatimiz va ayrim hududlar tabiiy-iqtisodiy salohiyatining yagona hisob-kitobi yuritilishi, sohadagi axborot tizimlari, ularda saqlanadigan, yuritiladigan ma’lumotlarning aniqligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Shuningdek, majlisda “Sudlar faoliyatining raqamlashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining protsessual qonunchiligini takomillashtirish maqsadida Jinoyat-protsessual, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Fuqarolik protsessual, Iqtisodiy protsessual va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodekslarga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan sud ishi bo‘yicha taraflarni sud majlisi haqida “SMS” xabar orqali xabardor qilishning protsessual asosi belgilanib, sudga berilgan murojaatning holatini onlayn kuzatib turish imkoniyati sud ishi bo‘yicha taraflarning protsessual huquqi sifatida mustahkamlanmoqda. Shuningdek, sud majlislarida sud binosiga kelmasdan masofadan turib, mobil videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishning protsessual asosi va tartibi belgilanmoqda.
Xalq vakillarining ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining odil sudlovga erishish darajasini oshirishga, ularning ortiqcha sarf-xarajatlarini tejashga, mamlakatimizning xalqaro reytinglardagi nufuzini oshirishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Qonun loyihasi bilan “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 46-moddasidan majburiy auditorlik tekshiruvdan o‘tkazish mezonini belgilash nuqtai nazaridan normani chiqarib tashlash taklif qilinmoqda.
Shuningdek, auditorlik tashkilotlari tomonidan auditorlik faoliyati sohasidagi qonunchilik talablariga rioya etilayotgani yuzasidan “Audit” dasturiy majmuasi orqali masofaviy monitoring olib borish, ijtimoiy ahamiyatga ega xususiyatni ifodalovchi sifat mezonlari asosida har yili majburiy auditorlik tekshiruvidan o‘tishi lozim bo‘lgan tashkilotlar ro‘yxatini shakllantirish nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan elektron tijorat ishtirokchilariga, ularning milliy reyestriga kiritilgan yoki kiritilmaganligidan qat’i nazar foyda solig‘i va aylamadan olinadigan soliq bo‘yicha imtiyozlar berilishi, yangi barpo etilayotgan bog‘lar, tokzorlar va tutzorlar egallagan yerlarga yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i bo‘yicha imtiyozli davr uch yildan besh yilga uzaytirilishi belgilanmoqda.
Shuningdek, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun daromad solig‘i bo‘yicha belgilangan imtiyoz mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 1,41 baravaridan 3 baravarigacha oshirilishi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda esa bo‘yalgan mato, gazlama va tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlarini eksport qilishdan tushgan daromadlari barcha tovarlar va xizmatlar realizatsiyasida kamida 80 foizni tashkil qiluvchi korxonalarga ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilanyapti.
Shu bilan birga, 2022 yil 1 yanvardan 2031 yil 1 yanvarga qadar bo‘lgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlik sub’ektlariga foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, ijtimoiy soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 1 foiz miqdorida to‘lash hamda mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalarini mazkur soliq stavkalari bo‘yicha hisoblangan summadan 1 foiz miqdorida to‘lash shaklidagi imtiyozlar berish nazarda tutilmoqda.
Qizg‘in muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.
Shuningdek, majlisda “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibi soddalashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA