Bugun, XXIII qishki Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimi o’tkaziladi

Bugun, 9 fevral kuni Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida XXIII qishki Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimi o’tkaziladi.

To’rt yillikning eng nufuzli sport musobaqalaridan biri bo’lgan qishki Olimpiya o’yinlarida dunyoning 90 davlatidan 6.500 nafardan ortiq sportchi 15 ta qishki sport turlari bo’yicha g’oliblik uchun raqobatlashadi. Unda mamlakatimiz sharafini figurali uchish bahslarida Misha Ge va tog’ chang’isi bo’yicha Komiljon To’xtayevlar himoya qiladi.

“Olimpiya” stadionida o’tkaziladigan musobaqaning ochilish marosimida tog’ chang’isi bo’yicha O’zbekiston terma jamoasi a’zosi Komil To’xtayev delegatsiyamiz bayrog’ini baland ko’taradi.

Eslatib o’tamiz, 25 fevralga qadar davom etadigan mazkur musobaqada Misha Ge 16 fevral kuni boshlanadigan figurali uchishning qisqa dasturida, 17 fevralda esa erkin dastur bo’yicha bahslarga kirishadi. Komiljon To’xtayev 18 fevral kuni tog’ chang’isining gigant slalom, 22 fevralda slalom bo’yicha o’tadigan musobaqalarda omadini sinab ko’radi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA