Videoselektor yig‘ilishida ko‘rsatilgan tezkor amaliy yordam sababli bozorlarda go‘sht, sut, kartoshka, tuxum, guruch narxlari barqarorligi saqlanib turganligi alohida qayd etildi.

–Demak, harakat qilsak, albatta, natija bo‘ladi,– dedi Prezident.

Davlat rahbari Respublika shtabiga quyidagilarni topshirdi:

– zarur oziq-ovqat mahsulotlari importi uchun avval berilgan 500 milliard so‘m imtiyozli resurslarning qaytarish muddati yil yakuniga qadar uzaytirilsin;

– bir hafta muddatda oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchi barcha tadbirkorlar bilan uchrashib, ularning yuzaga kelgan muammolarini kundalik hal etish tizimi joriy etilsin;

– birja savdolarida oziq-ovqat va xomashyoning to‘liq qo‘yilishi ustidan kunlik nazorat o‘rnatsin va sun’iy ravishda narx oshishining oldini olish bo‘yicha tezkor choralarni ko‘rib borsin;

– uch kun muddatda shakar, un, yog‘, go‘sht, choy, bolalar ovqatlari, sut mahsulotlari kabi oziq-ovqat mahsulotlari importiga aksiz solig‘i va bojxona bojlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha asoslangan taklif kiritsin.

–Bironta hokim va tarmoq rahbarining ish o‘rinlarini kamaytirishga, bandlik rejalarini bajarmaslikka haqqi yo‘q. Agar qaysi hokim bu ishlarni qilmasa, unga nisbatan qat’iy choralar ko‘riladi, – deya ogohlantirdi Prezident.

Tashqi xavf-xatarlarni yumshatish maqsadida tadbirkorlarni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash choralari belgilab olindi.
Jumladan:

– banklar tomonidan tadbirkorlarga xomashyo sotib olish va aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha 10 trillion so‘m “revolver” kreditlar ajratiladi. Ushbu mablag‘lar birinchi galda eksportchilar, oziq-ovqat va iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchilarga ajratiladi;

– davlat dasturlari doirasida meva-sabzavot yetishtirishga, oilaviy tadbirkorlik, ipoteka va ta’limga ajratiladigan kreditlar hajmi va imtiyozli stavkalari saqlab qolinadi.

–Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, ajratiladigan mablag‘larni kamaytirmaymiz va yukini oshirmaymiz, – dedi Prezident.

Shuningdek:

– soliq ma’murchiligi doirasida ombordagi tovarlarning hisobini va kodlarini majburiy yuritish, mulklar hamda ijara shartnomalarini elektron ro‘yxatdan o‘tkazish kabi yangi mexanizmlar bo‘yicha jarima va boshqa ta’sir choralari yil yakuniga qadar qo‘llanilmaydi;

– o‘z ehtiyojlari uchun olib kelingan xomashyo, asbob-uskuna, ehtiyot qismlarga bojxona imtiyozlarini qo‘llash davri hozirgi 6 oydan 1 yilgacha uzaytiriladi;

– yil yakuniga qadar Rossiya, Ukraina va Belarus bilan ishlayotgan korxonalarga debitor qarzdorligi uchun jarima qo‘llanilmaydi;

– ushbu mamlakatlar bilan ishlayotgan eksportchilarning bank kreditlari bo‘yicha qarzdorligi uzaytiriladi, penya va jarimalar undirilmaydi.

O‘zA