Xabaringiz bor, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning rasmiy tashrif bilan yurtimizga kelishi kutilmoqda.

Shu munosabat bilan uning qator mamlakatlarda ommalashgan “Dunyo yanada odil bo‘lishi mumkin” nomli kitobi ikkinchi bor o‘zbek tilida nashr etildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, kitob dunyoning ko‘plab tillariga o‘girilgan va turli davlatlarda katta tirajlarda chop etilgan. O‘zA muxbiri nashr haqida asar tarjimoni va kitobxon fikri bilan qiziqdi.

Kitobni o‘zbekchaga o‘girgan tarjimon, filologiya fanlari doktori, professor Ma’rufjon Yo‘ldoshev:

–Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning ushbu kitobi birinchi marta O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga rasmiy tashrifi oldidan o‘zbek tiliga tarjima qilinib, chop etilgan edi. Cheklangan miqdorda chiqqanligi uchun “Yangi asr avlodi” nashriyoti kitobni ko‘p sonda nashr qilishni taklif qildi. Kitob nashr qilingandan beri ingliz, arab, nemis, fransuz, rus, ispan kabi ko‘plab tillarga tarjima qilingan va dunyo kitobxonlari orasida ommalashgan. Endi o‘zbek kitobxonlari ham mazkur kitobni o‘zbek tilida o‘qish imkoniga ega bo‘ldi.

Umuman, dunyoda bugun siyosiy kitoblarga, siyosatchilarning asarlariga qiziqish katta. Rejep Tayyip Erdog‘an ushbu kitobida global siyosat, ayniqsa, dunyoning yetakchi mamlakatlari yuritayotgan siyosat, qochqinlar masalasi, xalqaro terrorizm va islomga qarshi muammolarga to‘xtalgan.

U Birlashgan Millatlar Tashkilotining qonuniylik, funksionallik, ta’sirchanlik, qamrab oluvchilik, vakillik va boshqaruv muammolariga hamda BMT Xavfsizlik Kengashida keng qamrovli islohot o‘tkazish zarurligi haqidagi fikrlarini qalamga olgan.
Xususan, kitobda quyidagi satrlarni o‘qish mumkin:

“Bolalar o‘ldirilayotgan dunyoda hech kim begunoh emas”.

“Shafqat qahat bo‘lib turgan zamonda bizlarga adolatning timsoli, vijdonlarning ovozi bo‘lishdek mas’uliyat tushmoqda”.

“Bizning tafakkurimizga ko‘ra, dunyoning muvozanati, ozodligi va baxtiyorligi adolat bilangina qoimdir. Dunyoning yanada adolatli bo‘lishi uchun ham umid va ishonch beruvchi dunyoviy tizimga ehtiyoj bor. Barcha kamchiliklariga qaramay, zaruriy islohotlar o‘tkazilsa, BMT tuzilmasini bu boradagi eng maqbul tashkilot sifatida qabul qilish mumkin degan fikrdamiz”.

“Adolat, huzur, ishonch, barqarorlik faqatgina ma’lum mamlakatlarda yashagan insonlarning haqi emas. Dunyomizda yashayotgan 7-8 milliard insonning har biri bu huquqqa, imkonlarga ega bo‘lishi kerak. Ma’sum bolalarning, ayollarning, insonlarning qoni nopok siyosiy hisob-kitoblar tufayli oqishda davom etgani sari insoniyatning vijdoni huzur topmaydi, topa olmaydi ham”.
“Adolat butun jamiyatlar uchun umumiy qadriyat hisoblanadi. Madaniyat, tamaddun va dinga ajratmasdan barcha ijtimoiy va siyosiy tizimlar adolatni markazda tutuvchi tuzumni bunyod etishga harakat qilishgan”.

Kitob  filologiya fanlari nomzodi, dotsent Abdumurot Tilovov va mening ishtirokimda o‘zbekchaga o‘girildi.

Ahror Nazarqulov, talaba, kitobxon:

–Ushbu kitob ilk bor turk tilida nashr etilib, e’lon qilinganidan e’tiborimni tortgandi, chunki  siyosatchilarning asarlari doim meni qiziqtirgan. Bugun “Dunyo yanada odil bo‘lishi mumkin” asarini  o‘zbek tilida o‘qish imkoni esa men kabi kitobsevarlar uchun yaxshi yangilik bo‘ldi.  Kitob «Yangi asr avlodi» nashriyoti tomonidan chop etilgach, uni o‘qib chiqdim. Bilishimcha, asar bugungacha ko‘plab tillarga tarjima qilingan va dunyoda nihoyatda katta tirajlarda nashr qilingan. Birlashgan Millatlar Tashkilotini isloh qilish haqidagi fikrlari kitobxonlar e’tiborini tortgani aniq. Chunki kitobdagi asosiy muhokamalar shu masala yuzasidan bo‘lganini kuzatish mumkin. Dunyo qonunlari qanchalik adolatli? Nega bu keng miqyosli islohotlarga ehtiyoj sezilmoqda? Kitobda Rejep Tayyip Erdog‘an shu kabi savollar atrofida fikr yuritadi. Menga eng ta’sir qilgani bolalar va ayollar bilan bog‘liq ifodalari bo‘ldi.

Kitobda shunday iqtibos bor:  “Bolalar o‘ldirilayotgan dunyoda hech kim begunoh emas”. Kitob juda ta’sirli va tabiiy  tarzda yozilgan. Uslubi va tarjima tili menga yoqdi. Shunday kitoblar ko‘proq tarjima qilinishini xohlayman.

O‘zA muxbiri Maftuna Karimova suhbatlashdi