O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov Tojikiston Respublikasi Bosh prokurori Yu.Rahmon boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.
Mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita rahbarligida amalga oshirilayotgan sud-huquq tizimini isloh qilish, jinoyat qonunchiligini liberallashtirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan choralar haqida so‘zlab berildi.
Mazkur sohada olib borilayotgan kompleks chora-tadbirlar doirasida 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi, «Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturi va boshqa muhim hujjatlar qabul qilinganligi ta’kidlandi.
Huquqiy davlatni shakllantirish, jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, tadbirkorlik faoliyati uchun qulay sharoitlar yaratishda prokuratura organlarining tutgan o‘rni alohida qayd etildi.
Aniq mexanizmlarni joriy qilish yo‘li bilan terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurashish hamda mintaqada xavfsizlik va huquq-tartibotni ta’minlash samaradorligini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Axborot-tahlil multimedia markazi, shuningdek, Bosh prokuraturaning Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish va axborot xavfsizligini ta’minlash boshqarmasi hamda Qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlash muammolarini tahlil qilish boshqarmasi faoliyati bilan tanishdi.
Tojikiston Respublikasi Bosh prokurori Yu.Rahmon samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, uchrashuv o‘zaro huquqiy munosabatlarning yanada rivojlanishi va mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Uchrashuvda fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegara hududidagi prokuraturalarning o‘zaro hamkorligi masalalarida huquqiy yordam va hamkorlik to‘g‘risida Bitim imzolandi.
Bitimni amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar haqida kelishuvlar belgilandi.