Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish tizimida ishlar tartibli yo‘lga qo‘yilganmi?

Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi aholiga qulay joyda, barcha imkoniyatlarga ega binoda joylashgan. Atrofi ozoda, tartibli bir maskan. Eshikdan kiraverishda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi rahbar xodimlarining qabul kunlari va vaqtlari yozilgan. Shu bilan birga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limining ish tartibi ham har kuni 9:00 dan 18:00 gacha deb belgilangan. Payshanba profilaktika kuni ekani qayd etilgan.

Bu yerga fuqarolar ancha erta kelishgan ekan. Soat 9:00 bo‘lsa hamki, tashkilotda hamma eshiklar ochilgani yo‘q. Murojaat qiluvchilar yana yarim soat kutgach, mutaxassislar kelib, ish boshlandi. Qo‘l qo‘ydirishi kerak bo‘lgan kimdir, o‘z arzini aytmoqchi bo‘lgan yana birov, taklif va shikoyatlar bilan rahbar huzuriga kirmoqchi bo‘lganlar safi keng. Eshiklar faqat raqamlangan xolos. Agar bu yerga birinchi marta kelgan bo‘lsangiz, qaysi bo‘limga kirishingiz, ishingiz qaysi mutaxassisdan bitishini bilib olish qiyin. Boshqalardan navbatini olib yoki andishasizlik bilan eshikni ochib savolingizga javob olishingiz mumkin. Agar buni o‘zingizga ep ko‘rmasangiz, marhamat navbatda turing.

Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi boshlig‘i Farrux Isoqovning aytishicha, mutaxassislar o‘rni tez-tez almashtirib turilgani bois, yo‘nalishlar va ism shariflar yozilmagan. Fuqarolar buni bo‘lim boshlig‘idan yoki xizmat ko‘rsatish shoxobchalari xodimlaridan bilib olishi mumkin ekan.

– Pasportimni yo‘qotgandim, – deydi Bahodir Norqulov. – Shahar arxividan hujjat olib kelishim kerak ekan. Borgandim. Bular yo‘llanma bermasa, ma’lumotnomani olishim uchun uzoq vaqt ketar ekan. Yana qaytib keldim. Endi kimga uchrashsam ekan, deb o‘ylab turibman. Hozir axborot-kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan, hech bo‘lmasa faks bor, na u tashkilot, na bu tashkilot shuni o‘ylab ko‘rmaydi. Bor, kel. Undan ko‘ra, elektron tizimni yo‘lga qo‘ysa, ancha yaxshi bo‘lardi, vaqtimiz tejalardi.

Fuqarolar orasida hujjatida kamchilik topilib, bir necha bor sarson bo‘ladiganlar ham bor.

– O‘tgan gal kamchiligi bor, deb qaytarib bergan hujjatlarni to‘ldirib kelgandim, endi yana bittasi kam deyishyapti, – deydi Saida Ziyovuddinova. – Yosh bolamni qoldirib kelgandim. Yana sarson bo‘ladigan bo‘ldim.

– Oilali bo‘lgach, poytaxtdagi o‘z uyimizga doimiy ro‘yxatga qo‘yish uchun hujjatlar yig‘a boshladim, – deydi Farruxxon Shukrullayev. – Bu borada chiqqan so‘nggi qarorlarda hujjatlar yig‘ishda ancha qulayliklar berilgan. Lekin soha mutaxassislariga murojaat qilganimda, buni bilishmasligini aytishyapti. Shundan so‘ng ular aytgan bir qancha hujjatlarni olib keldim.

Qonun, farmon va qarorlar xalq manfaatlari uchun xizmat qilishi kerak. Kuchga kirganidan boshlab uni aholiga yetkazish esa mutaxassislarning vazifasi.

Muassasa qoshida bir nechta xizmat ko‘rsatish shoxobchalari mavjud. Qaysiki yo‘nalish bo‘yicha bo‘lsa ham, ular sizga kerakli hujjatlarni ayta oladi va to‘ldirib beradi. Bu aholiga qulaylik yaratish maqsadida yaxshi va puxta o‘ylangan chora.

Aholiga ko‘maklashayotgan shoxobcha xodimlarining munosabati, muomala madaniyati ko‘pchilikka yoqmayotgani ham ma’lum. Birgina “Manzilni tushuntirib yuboring”, degan iltimos ularning atrofdagilarga bo‘lgan munosabatini ochiq-oydin ko‘rsatadi. Fuqarolar allaqachon bunga ko‘nikib qolgan. Ishim bitsin, kunim shu yerda o‘tib ketmasin, deb yelib-yugurganlar talaygina.

– Avvallari 35-xonada vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yish uchun hujjatlar olinardi, – deydi Shoira G‘aniyeva. – Navbat juda ko‘p bo‘lardi. Shu sababli doim ertaroq kelardim. Shukrki, tumanimizda bu yo‘nalishda ishlaydigan sakkizta tuzilma tashkil etilibdi. Enda ularga murojaat etar ekanmiz. Hujjatlarni to‘ldirib berishdi. Ishim tezroq bitishini eshitib xursand bo‘ldim.

Ha, to‘g‘ri, vaqtinchalik ro‘yxatga qo‘yish uchun belgilangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahrida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish” xonasi atrofida hech kim yo‘q. Hozir bu ish bilan 4-5 mahalla fuqarolariga xizmat ko‘rsatadigan shahar ichki ishlar bo‘limlari shug‘ullanmoqda.

Oldin kelaverib, qaysi xonada qanday mutaxassis o‘tirishini bilib olgan fuqarolar bilmaganlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishadi. Fuqarolikka qabul qilish, fuqarolikdan chiqarish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni doimiy ro‘yxatga olishga oid namunaviy peshtaxtalar bo‘sh. To‘g‘rirog‘i ularda fuqarolarga yordam beradigan ma’lumot yo‘q.

“O‘zsanoatqurilishbank”ning mutaxassislari ikkita kassada ishni 8:30da boshlagan. Ammo Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limida ishi bitmagan fuqaroga bundan nima foyda?

Boshqa tumanlarni ham o‘rganish maqsadida Yashnobod tumani ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limi tomon yo‘l oldik.

Bu yerda beshta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi xalq xizmatida.

“O‘zsanoatqurilishbank”ning ikkita kassasi uchun hovlidan joy (xona) qilib berilgan. Hozir qish fasli bo‘lsada, kunlar iliq. Lekin yomg‘irli, qorli, issiq kunlarda shu sharoitda xizmat ko‘rsatish mumkinmi? Fuqarolar uchun na bir o‘tiradigan joy, na kutish zali mavjud.

Kirish eshigida mutaxassislarning qaysi xonalarda o‘tirishi yozilgan ekan. Biz o‘zimiz uchun kerak bo‘lgan 9-xonani uzoq izladik. Ro‘yxatda bor, lekin xonaning o‘zi yo‘q. Tashkilotning ish bilan shoshib yurgan bir mutaxassisi bizga rahbar kerakligini eshitib, 6-xonaga kirishimizni aytdi. Ammo boshliq o‘rinbosarining xonasi atrofi ishga yoki o‘qishga shoshgan, yoshi ulug‘, yosh bolali fuqarolar bilan to‘lgan. Kirmoqchi bo‘lganimizda “navbatingizni kuting”, deyishdi. Bizning navbatimiz taxminan tushdan keyin kelishini angladik. Tor joyda tirband turish noqulay bo‘lsada, navbatdan qolib ketmaslik uchun odamlar sabr bilan kutmoqda.

Mamlakatimizda yashab kelayotgan, ammo fuqaroligi bo‘lmagan yurtdoshlarimiz uchun fuqarolik pasportlarini navbat bilan berishayotgani ma’lum. Ichki ishlar bo‘limiga bu masalada murojaat qilayotganlar ham anchagina.

– Hujjatlarimni 2014-yilda topshirgandim, – deydi Saodat Shojalilova. – Prezidentimizning o‘tgan yildagi “O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilish to‘g‘risida”gi farmonidan so‘ng men hujjatlarimni yana yangiladim. Bunga bir yil bo‘ldi. Shu muddat davomida ko‘rib chiqishgan ekan, hujjatlarim noto‘g‘ri to‘ldirilibdi. Endi xizmat ko‘rsatish shoxobchasida yana to‘ldirib topshirsam, tez orada O‘zbekiston fuqarosi bo‘laman.

Saodat opaning shu yurt fuqarosi bo‘lish zavqi har qanday ovoragarchilikni yengishga qodir. Aslida xizmat ko‘rsatish shoxobchasi xodimi yo‘l qo‘ygan xato uning vaqti, mablag‘iga zarar berayotgan bo‘lsa ham.

Birgina xato nafaqat bitta fuqaroning ishini ortga suradi, balki u kabi o‘nlab murojaat qilib, navbat kutayotganlar, shu ish bilan shug‘ullanayotgan mutaxassis xodimlarning ham vaqtini o‘g‘irlaydi. O‘z ishini sevgan, mas’uliyatni his etgan har qanday soha xodimi o‘z yo‘nalishida bo‘layotgan o‘zgarishlardan xabardor bo‘lishi, o‘rganishi, amalda qo‘llashi jamiyat rivoji, davlat taraqqiyotini belgilaydi. Zero, binoning ulug‘vorligi, poydevorning mustahkamligiga bog‘liq.

“Ish bor joyda, kamchilik bor”, deydi xalqimiz. Ammo xatolarni to‘g‘rilash, uni ochiq-oydin tahlil etish shu yurtda yashayotgan har bir fuqaroning, O‘zbekiston farzandlarining vazifasidir.

 

Barno Meliqulova, O‘zA