Oʻzbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasi hamraislari telefon orqali muloqot qildilar

Oʻzbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasi hamraislari –Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qoʻmitasi siyosiy byurosi aʼzosi, XKP MQ siyosiy-huquqiy komissiyasi kotibi Go Shenkun oʻrtasida telefon orqali muloqot boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida Oʻzbekiston hukumati rahbari Go Shenkunni yaqinlashib kelayotgan milliy bayram – Xitoy Xalq Respublikasi tashkil topganining 71 yilligi munosabati bilan samimiy tabrikladi va Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlarining yangi surʼatlar bilan izchil rivojlanib, ikki tomonlama hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi hamda Xitoy tomonidan pandemiya davrida koʻrsatilgan insonparvarlik yordami uchun samimiy minnatdorlik izhor etdi.Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin oʻrtasida qaror topgan samimiy hamda yaqin doʻstona munosabatlar hamkorlik aloqalarini har jihatdan mustahkamlashda muhim omil boʻlib xizmat qilayotgani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasi hamraislari suhbat chogʻida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliya, energetika, qishloq xoʻjaligi, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa muhim yoʻnalishlardagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.

Go Shenkun mazkur masalalarda Xitoy tomoni Oʻzbekiston bilan hamkorlik aloqalarini yangi mazmun bilan boyitishga tayyor ekanini maʼlum qildi. Raqamli iqtisodiyot, axborot kommunikatsiyalari, tibbiyot, agrotexnologiyalar kabi sohalardagi hamkorlikni jadal rivojlantirish yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi.

Suhbat yakunida tomonlar Oʻzbekiston-Xitoy Hukumatlararo hamkorlik qoʻmitasining navbatdagi Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan 6-yigʻilishiga tayyorgarlik masalalari kelishib olindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining
Matbuot xizmati

 

OʻzA