Shavkat Mirziyoyev — Osiyoning eng yaxshi siyosatchisi

Shtab kvartirasi Seulda joylashgan Osiyo jurnalistlari assotsiatsiyasi (OJA) Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni “2018 yil odami” deb eʼlon qildi.
Mamlakatimiz rahbari siyosiy yoʻnalish boʻyicha gʻolib, deb eʼtirof etilgan.
Bu haqda “Xalq soʻzi” Janubiy Koreyaning “The Korea Times” nashriga asoslanib xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, assotsiatsiya vakillari Shavkat Mirziyoyev 2016 yil dekabrda Oʻzbekiston Prezidenti lavozimiga kirishganidan to hozirgi vaqtgacha inson huquqlarini taʼminlash, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, ochiq siyosat yuritish, shu jumladan, siyosiy mahbuslarni ozod etishda yuksak natija koʻrsatib kelayotganini taʼkidlagan. Shu bilan birga Oʻzbekiston rahbari qoʻshni davlatlar bilan faol hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan holda, Markaziy Osiyoda tinchlik-totuvlikni asrashga katta hissa qoʻshmoqda.
Boshqa yoʻnalishlar boʻyicha “LG Group” faxriy raisi Ku Bon Mu, misrlik taniqli kardiojarroh Mahdi Habib Yoqub, futbol boʻyicha Vyetnam terma jamoasi murabbiyi Pak Xan So qayd etilgan.
Gʻoliblar nomlari maxsus hakamlar tomonidan mintaqaning har bir davlati vakillari va assotsiatsiya aʼzolari tavsiyalari hamda baholaridan soʻng aniqlandi. Xabar berilishicha, taqdirlash marosimi 2019 yilning bahorida assotsiatsiya bosh assambleyasida boʻlib oʻtishi kutilmoqda.

 

OʻzA