Shavkat Mirziyoyev quyish-prokatlash kompleksi qurilishini boshlab berdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzbekiston metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyati jamoasi bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari ularni Mustaqillik bayrami bilan tabriklab, ushbu kombinat mamlakatimiz sanoatida muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bekobod shahri aholisining kundalik hayoti, turmush tarzi, sifati hamda taqdiri ushbu kombinat bilan chambarchas bogʻliq. Chunki Bekobod shahrining 25 foiz mehnatga layoqatli aholisi mazkur kombinatda ishlaydi, shahar sanoatida kombinatning ulushi 80 foizni tashkil etadi.
Шавкат Мирзиёев заложил первый камень в фундамент литейно-прокатного комплекса
Shu bois Prezidentimiz bu kombinatni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratdi. Qisqa davrda uning iqtisodiy holati barqarorlashdi.
Шавкат Мирзиёев заложил первый камень в фундамент литейно-прокатного комплекса
Oʻtgan bir yil ichida Oʻzbekiston metallurgiya kombinati oʻz xarajatlaridan ortib, Bekobod shahrida uy-joy, madaniy-maishiy va sport obyektlarini bunyod etish uchun 77 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirgani buning dalilidir.
Joriy yilning 9-oyida kombinatda metall-prokat ishlab chiqarish hajmi 1,5 barobarga, foyda esa qariyb 3 barobarga ortishi kutilmoqda. 2017 yilning xuddi shu davrida ishlab chiqarish koʻrsatkichlari 1 foizga ham oʻsmagan edi.
Kombinatni 2018-2020-yillarda zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida jadal rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan dasturga muvofiq yaqin 3 yil ichida metallprokat ishlab chiqarish 2,3 barobar, poʻlat sharlar ishlab chiqarish 1,5 barobar, eksport 1,9 barobarga oʻsishi koʻzda tutilmoqda.
“Bunday raqamlar, barcha-barcha rejalarimizni bir gap bilan izohlasak, maqsad – odamlarni rozi qilish. Buning uchun iqtisodiyotimizni barqaror qilishimiz, qoʻshimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishimiz kerak. Yetti marta oʻlchab bir marta kesishimiz kerak. Adolatli tizim qilib, hisob-kitobni joyiga qoʻysak, iqtisodiyot oʻzi ishlaydi, rivojlanish, natija boʻladi, odamlarning uyiga daromad kiradi” dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz quyish-prokatlash majmuasini qurish loyihasini amalga oshirishni boshlash uchun tamal toshi qoʻydi.
Mazkur loyiha doirasida kombinatning oʻz mablagʻlari hisobidan 91 million dollar, Rossiyaning “Gazprombank” va Shvetsariyaning “Kredit Sviss” banklari kreditlari hisobidan 361 million dollar, jami 452 million dollar mablagʻ oʻzlashtiriladi.
Loyiha 2020-yilda toʻliq ishga tushirilib, yiliga 1 million tonna qoʻshimcha poʻlat list mahsulotini ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi, 400 dan ziyod yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi. Natijada kombinatda 2021-yilda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini yiliga 2,1 million tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Respublikamizga prokatlangan listlar importining kamayishi hisobiga yiliga 350 million dollar valyuta mablagʻlari iqtisod qilinadi.
Shuningdek, yangi qurilayotgan Toshkent metallurgiya zavodining asosiy xomashyosi boʻlgan issiq xolatda prokatlangan listlarga boʻlgan 500 ming tonna yillik ehtiyoj toʻliq qoplanadi. Quyuv-prokat majmuasining qurilishi Italiyaning “Daniyeli” kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi.

 

OʻzA