“O‘zbekiston zaminida yetishtirilgan mahsulotlar mazali va sifati yuqori”

Qishloq xo‘jaligi vazirligida “Alajlan & Bros companies group“ kompaniyasi rahbari Shayx Muhammad Abdulaziz Al Ajlan boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekistonga investitsiya olib kirish, o‘zaro samarali hamkorlik qilish maqsadida kelgan mehmonlarni Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Abdimuxtor Ergashev kutib oldi. U mehmonlarga sohada amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlar, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiyalash, bog‘dorchilik va sabzavotchilikni rivojlantirish bo‘yicha hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida qisqacha ma’lumot berdi.
Shayx Al Ajlan O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini arab mamlakatlari, Yaqin Sharq va Afrika davlatlariga eksport qilishni maqsad qilgani va bu bo‘yicha qo‘shma korxona tuzish rejasi borligini ma’lum qildi.
O‘zbekiston zaminida yetishtirilgan mahsulotlar mazali va sifati yuqori. Uni tatib ko‘rib shunga amin bo‘ldik. Biz yong‘oq, pista, shafran kabi mahsulotlarni to‘liq hajmda eksportini tashkil eta olamiz. Shuningdek, boshqa turdagi barcha ho‘l va quruq meva-sabzavot mahsulotlarini arab mamlakatlari, Yaqin Sharq va Afrika davlatlariga eksport qilish imkoniyatiga egamiz. Bu boradagi tajribamiz katta, – deydi Shayx Al Ajlan.
Uchrashuv yakunida Abdimuxtor Ergashev Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari ehtiyojidan kelib chiqqan holda talab qilinadigan mahsulotlar ro‘yxatini tuzish lozimligini ta’kidladi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorlik bo‘yicha uch tomonlama memorandum imzolashga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

 

O‘zA