Italiya delegatsiyasi Sirdaryodagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi

Italiya Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Andrea Bertossi boshchiligidagi delegatsiya Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Dastlab viloyat hokimligida mehmonlar bilan uchrashuv tashkil etilib, “Sirdaryo viloyatining investitsion salohiyati” mavzusida taqdimot o‘tkazildi.
Uchrashuvdan so‘ng Italiya delegatsiyasi a’zolari Guliston shahridagi “Best fashion” korxonasida bo‘lib, uning faoliyati, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlari turi, sifati va ishchi-xizmatchilarga yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Andrea Bertossi viloyatning Mirzaobod tumaniga ham tashrif buyurib, “Red Pask” mas’uliyati cheklangan jamiyatida barpo etilayotgan muzlatgichli saqlash omborxonasi bilan tanishdi.
Shuningdek, mehmonlar, tumandagi “Dehqonobod asl anori” ishlab chiqarish korxonasida hamda nasli aynan Italiyadan olib kelinib parvarishlanayotgan “Sirdaryo momiq quyonlari” fermasida ham bo‘ldi.
“Dehqonobod asl anori” ishlab chiqarish korxonasi 2017-yilning oktyabr oyida tashkil etilgan bo‘lib, joriy yilning 1 aprelida ishga tushirildi. 10 nafar mirzaobodliklar yangi ish o‘rinlariga ega bo‘ldi.
Ushbu ishlab chiqarish korxonasi anor mevasini sotish, undan sharbat ishlab chiqarish, kelgusi yil dasturiga ko‘ra anor danagidan moy olish va uning po‘stidan farmatsevtika hamda qurilish uchun qimmat baho xom ashyo tayyorlash o‘rin olgan.
Korxona anor ko‘chatlari ekish va anorchilikka ixtisoslashtirilgan fermerlar, dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa bog‘bonlariga sifatli ko‘chatlar yetkazib berishni rejalashtirgan.
– Bu vazifani tumanimizda samarali bajarish uchun barcha qulaylik, sharoit va afzalliklar mavjud, – dedi Mirzaobod tumani hokimi Hamidulla Abdullayev. – Avvalo, mamlakatimizda tadbirkorlikka keng yo‘l ochilgani kelgusida anor ko‘chatlari va mevalarini ko‘paytirish, qayta ishlash va eksport qilish uchun yetarlicha imkoniyat, yer maydoni va muhimi shu sohada katta tajribaga ega bog‘bonlarimizning borligidir.
Bu korxonada yiliga 175 ming litr anor sharbati ishlab chiqarish quvvatiga ega uskunalar o‘rnatilgan. Qayta ishlangan mahsulotning 75 ming litri ichki bozorga, 100 ming litri Janubiy Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Tailand va Yangi Zelandiya davlatlariga eksport qilishni rejalashtirilgan.
Kunning ikkinchi yarmida mehmonlar Guliston shahriga qaytib, viloyat hokimi G‘.Mirzayev bilan uchrashdi. Uchrashuvda har ikki tomon uchun ham manfaatli va foydali muzokaralar olib borildi.

 

Abdujalol Qayumov, O‘zA