2023 yilning 25 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq yettinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama markazida bo‘ldi.

Bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan bir qatorda intellektual mulk ob’ektlarining ishonchli huquqiy himoya qilinishini ta’minlashga va sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatishga qaratilgan tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yurtimizda aholiga professional xizmat ko‘rsatadigan ixcham va samarali boshqaruv apparatini yaratish, aholining huqukiy muammolarini hal etishda adliya organlarining tutgan o‘rni va mas’uliyatini yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining zimmasiga intellektual mulk ob’ektlarini himoya qilish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Shuningdek, ushbu sohadagi islohotlarni inobatga olgan holda qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, shu jumladan, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ayrim toifadagi davlat xizmatlarini ko‘rsatishda taqdim etiladigan imtiyozlarni qonun darajasida mustahkamlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur qonun amalga oshirilayotgan islohotlarga mos ravishda ishlab chiqilgan, Intellektual mulk hamda Davlat xizmatlari agentliklarining vazifa, funksiya va vakolatlari Adliya vazirligiga o‘tkazilganligini inobatga olib, vazirlikning vakolatlari aniqlashtirilishini nazarda tutuvchi o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganlaridek, mazkur qonun bilan Bojxona kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartirish orqali endilikda eksport rejimida ham intellektual mulkni himoya qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, tovar belgisi, tovar kelib chiqqan joy nomi va tovar kelib chiqqan joy nomidan foydalanish huquqi to‘g‘risidagi guvohnomalarni berish muddati qisqartirilmoqda.

Adliya organlariga intellektual mulk hamda davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni qo‘llash vakolati berilmoqda.

Bundan tashqari, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimida ro‘yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qo‘llanilishi belgilanmoqda.

Muhokamada qonunning hayotga tatbiq etilishi davlat xizmatlari sifatini oshirishga hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, intellektual mulk huquqlarining himoya qilinishini kuchaytirishga va ushbu sohalarda samarali markazlashtirilgan boshqaruv tizimini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

Shuningdek, Senatning navbatdagi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining nomlarini muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan institutsional islohotlar doirasida qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida, shuningdek, milliy mudofaa sanoati yo‘nalishida davlat boshqaruvi tizimi takomillashtirilib, vazirlik va idoralarning faoliyatini samarali tashkil etish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilandi.

Qonun bilan ayrim qonunlarning normalari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqlashtirilmoqda, shuningdek, tugatilgan, qayta tashkil etilgan va tashkiliy bo‘ysunuvi o‘zgargan davlat organlarining vakolatlari qaysi davlat organlariga o‘tkazilganligi aniqlashtirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Mudofaa sanoati agentligi hamda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzurida “O‘ztextreyd” DUK tuzilganligi sababli “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Ma’muriy islohotlar doirasida Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuriga o‘tkazilgan respublika ijro etuvchi hokimiyat organi etib belgilandi. Shuningdek, Suv xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Suv xo‘jaligi ob’ektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi etib qayta nomlangandi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga, “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, “Veterinariya to‘g‘risida”gi, “O‘simliklar karantini to‘g‘risida”gi va boshqa qator qonunlarga tegishli o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Senatorlar qonun agrar, suv hamda mudofaa sanoati sohalaridagi respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari vakolatlarining aniqlashtirilishiga va yaxlit tizimini shakllantirishga xizmat qilishini alohida qayd etishdi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini sport bilan shug‘ullanishga keng jalb etish, shaharsozlik faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur qonunda yuridik shaxs tashkil etmagan oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari mehnat shartnomasini tuzgan holda besh nafargacha doimiy xodimni yollash, shuningdek, bir oilaviy korxona ishtirokchisiga bir vaqtning o‘zida boshqa oilaviy korxona ishtirokchisi bo‘lish huquqini berish ko‘zda tutilmoqda.

Asosiy maqsad mahallalarda ishsiz yurgan ko‘pgina oila a’zolarini ish bilan ta’minlash va ularga yengilliklar yaratishdan iborat.

Bundan tashqari, Bojxona kodeksiga davlat hamda nodavlat sport-ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun import qilinadigan maxsus sport kiyim-boshlari, poyabzal, sport anjomlari va jihozlari hamda uskunalarining ellik foizi uchun bojxona bojini to‘lashdan ozod etish tarzidagi imtiyozlar berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Ushbu o‘zgartirishlar jismoniy tarbiya va sport sohasida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini rivojlantirishga hamda sportchilarni professional darajada tayyorlashga katta imkoniyat yaratadi.

Shu bilan birga, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksiga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining shaharsozlik faoliyati ob’ektlarini qurish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish bo‘yicha vakolatlari bekor qilinishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilayotganligi muhim ahamiyatga egaligi aytib o‘tildi.

Qayd etilganidek, ushbu qonun arxitektura va qurilish sohasidagi ortiqcha byurokratik tartib-taomillarni bartaraf etishga, oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga, shuningdek, sport-ta’lim tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini yaxshilashga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan birga Senatning qirq yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida ushlab berish, mahkumlarni topshirish, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomalarni ratifikatsiya qilish haqidagi qonunlar ko‘rib chiqildi.

Muhokamalar chog‘ida globallashuv, tobora kuchayib borayotgan migratsiya jarayonlari hamda terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik xavfi ortib borayotgan sharoitda xalqaro hamkorlikning ishonchli huquqiy asoslarini shakllantirish masalalari nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 8-9 iyun kunlari Italiya Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida qator ikki tomonlama shartnomalarning imzolangani ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari o‘rtasida hamkorlikni chuqurlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Senatorlar tomonidan ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi Shartnomani (Rim, 2023 yil 8 iyun) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonunda jinoyat ishlarini tergov qilish va boshqa protsessual harakatlarni amalga oshirish bilan bog‘liq holda yuridik yordam ko‘rsatish asoslari va shart-sharoitlari nazarda tutilmoqda. Xususan, so‘rovlarning shakli va mazmuni, yordam ko‘rsatishni rad etish yoki kechiktirish asoslari, so‘rovlarni bajarish, himoya choralari, xavfsizlik kafolatlari, shuningdek, jinoyat ishlarini ta’qibni davom ettirish uchun o‘tkazish kabi muhim masalalar bo‘yicha qoidalar belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, jinoyat ishlari bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam to‘g‘risidagi shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlarining jinoyat ishlarini tergov qilish va sud muhokamasi jarayonining samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Shartnoma (Rim, 2023 yil 8 iyun) ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston va Italiya fuqarolariga sud tomonidan tayinlangan jazoni o‘z mamlakatida o‘tashlari uchun huquqiy asos va imkoniyat yaratadi.

Hujjatga ko‘ra mahkumlarni topshirish qonunda belgilangan tartib-taomillarga muvofiq shartnoma tuzuvchi tomonlarning murojaatlari asosida amalga oshiriladi.

Muhokamalar doirasida mahkumlarning jazoni o‘z mamlakatida o‘tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam uchrashish imkonini yaratishi ta’kidlandi. Bu oilaviy munosabatlarga ijobiy ta’sir qiladi, shuningdek, mahkumlarning jamiyat ijtimoiy hayotiga moslashishiga yordam beradi.

O‘zbekiston Respublikasi bilan Italiya Respublikasi o‘rtasida ushlab berish to‘g‘risidagi Shartnomada (Rim, 2023 yil 8 iyun) har bir tomon boshqa tomonning so‘roviga ko‘ra o‘z hududida aniqlangan va boshqa tomon tarafidan qidirilayotgan shaxslarni jinoiy javobgarlikka tortish yoki bunday shaxslarga nisbatan chiqarilgan hukmni ijro etish uchun bir-birlariga ushlab berishi asoslari va shartlari ko‘rsatilgan.

Mazkur shartnomaning ratifikatsiya qilinishi sud muhokamasi samaradorligini oshirishga va jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan jazoning muqarrarligi tamoyilini ta’minlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha senatorlar shartnomalar ratifikatsiya qilinishiga doir qonunlarni qo‘llab-quvvatladi.

Bundan tashqari, Senatning navbatdagi yalpi majlisi doirasida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi Shartnomani ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar O‘zbekiston va Qozog‘iston eng yaqin qo‘shnilar hamda vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkorlar ekanini alohida ta’kidladi. Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikning yangi davri boshlandi, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi munosabatlar jadal rivojlanmoqda.

Shartnomaning asosiy maqsadi ikki mamlakat mustaqilligi, suvereniteti, hududiy yaxlitligini va barqaror iqtisodiy rivojlanishini yanada mustahkamlashga qaratilgan davlatlararo munosabatlarning yangi bosqichini shartnoma-huquqiy jihatdan mustahkamlashdan iborat ekani qayd etildi.

Shartnoma tashqi siyosat, mudofaa va xavfsizlik, migratsiya, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni qabul qilish, parlamentlar, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash kabi sohalarda yaqin hamkorlikni nazarda tutadi.

Senatorlar shartnomaning ratifikatsiya qilinishi ikki xalqning ma’naviy-madaniy yaqinligini qo‘llab-quvvatlashga, madaniyat, ilm-fan, ta’lim va sport sohasidagi o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi, degan fikr bildirdi.

Shartnoma ilovasida davlat rahbarlari boshchilik qiladigan O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi Oliy davlatlararo kengashi to‘g‘risidagi nizom keltirilgani alohida ta’kidlandi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Senat shartnomani ratifikatsiya qilishga doir Qonunni ma’qulladi.

Shuningdek, yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqildi va Senatning qabul qilingan qaroriga muvofiq Djaxangir Baxtiyarovich Djurayev boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi lavozimidan ozod etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masala yuzasidan ham Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda senatorlar tomonidan jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 14 ta masala, shu jumladan, 12 ta qonun muhokama qilindi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining qirq yettinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

 Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati