Shu kunlarda Norvegiyaning Stavanger shahrida shaxmat bo‘yicha mukofot jamg‘armasi 2 500 000 Norvegiya kronasidan (taxminan 225 ming AQSH dollari) iborat “Norway Chess” turniri o‘tkazilmoqda.

Kecha musobaqaning blits bahslarida Nodirbek 9 imkoniyatdan 6 ochko to‘plab, turnir yetakchisiga aylandi.

5.5 ochkodan jamg‘argan Alirizo Firudja va Shaxriyor Mamedyarov 2-3-o‘rinlarni egalladi.

O‘yinlar jarayonida N.Abdusattorov Magnus Karlsen (Norvegiya), Alirizo Firudja (Fransiya), Xikaru Nakamura (AQSH), Anish Giri (Niderlandiya), Uesli So (AQSH), Fabiano Karuana (AQSH), Shaxriyor Mamedyarov (Ozarbayjon) kabi nomdor grossmeysterlarni ortda qoldirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bugun, 30 may kuni mazkur turnirning klassik yo‘nalishidagi musobaqalar boshlanadi. Rapid yo‘nalishida jahon chempioni hisoblangan Nodirbek 1-turda oq donalarda niderlandiyalik Anish Giri (2768) bilan hisob-kitob qiladi. Shuningdek, Alirizo Firudja (Fransiya) — Gukesh (Hindiston), Shaxriyor Mamedyarov (Ozarbayjon) — Aryan Tari (Norvegiya), Fabiano Karuana (AQSH) — Magnus Karlsen (Norvegiya), Uesli So (AQSH) — Xikaru Nakamura (AQSH) ilk turda ro‘baro‘ kelishadi.

Xalqaro turnir 3 iyunga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, 
O‘zA