Qurolli kuchlar ochiq chempionatida jahon chempionlari ishtirok etdi

Bundan biroz muqaddam 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan tashkil etilgan qoʻl jangi boʻyicha Qurolli kuchlar ochiq chempionati oʻz poyoniga yetdi.
Ikki kun davom etgan musobaqalarda mamlakatimiz Qurolli kuchlari tizimiga kiruvchi sakkizta jamoa (Oʻzbekiston Prezidenti Davlat xavfsizlik xizmati, Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasi, Milliy gvardiya hamda Milliy gvardiya tasarrufidagi “Dinamo” jismoniy tarbiya va sport jamiyati) aʼzolari gʻoliblik uchun bahs olib borishdi.
ALM_2464-2208x1472.JPG
Bahslar keskin va murosasiz kurashlarga boy tarzda kechib, muxlislarda iliq taassurot qoldirdi. Har bir vazn toifasida finalga kamida sport ustalari yoʻl olishdi, ishtirokchilar orasida hattoki xalqaro toifadagi sport ustalari, Oʻzbekiston, Osiyo va jahon chempionlari borligi Qurolli kuchlar ochiq chempionatining nufuzi qay daraja yuqori boʻlganini koʻrsatib turibdi.
Endi final bellashuvlariga toʻxtalib oʻtsak. 65 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida hal qiluvchi bahs Ichki ishlar vazirligi xodimi Ravshan Abdulazizov hamda Milliy gvardiya jamoasi aʼzosi Jasur Joʻrayevlar oʻrtasida kechib, unda kichik ustunlik bilan Joʻrayevning qoʻli bland keldi.
ALM_2561-2208x1472.JPG
70 kilogrammgacha boʻlgan vazndagi Qurolli kuchlar xodimlari oʻrtasida finalga yana bir militsioner Muhiddin Mamajonov hamda Mudofaa vazirligi vakili Olim Normurodovlar yetib kelishdi. Ushbu bellashuvda koʻplab xalqaro turnirlar gʻolibi, Oʻzbekiston, Osiyo va jahon chempioni O.Normurodov muddatidan avval sof gʻalabaga erishdi.
DXX xodimi Murtozbek Mamashokirov hamda IIV vakili Jahongir Jumayev oʻrtasida kechgan 75 kilogrammgacha vazn toifasidagi final bellashuvida 10-5 hisobida Jumayevning qoʻli baland keldi.
ALM_2701-2208x1472.JPG
Navbatdagi uchta vazn toifasida boʻlib oʻtgan final bellashuvlari oʻz nomiga mos tarzda oʻta murosasiz kechdi. Jumladan, 80 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasida sport ustaligiga nomzod Jasur Solijonov (IIV) Osiyo va jahon chempioni Barhayot Obidovga (DXX) munosib raqobat taqdim eta oldi. Ammo, hal qiluvchi pallada Obidovning tajribasi qoʻl keldi.
85 kilogrammgacha boʻlgan vazn toifasidagi hal qiluvchi jang Abdujalol Xoʻjamurodov (Milliy gvardiya) hamda Bobur Rahmatov (IIV) oʻrtasida kechib, bu bellashuv ham murosasiz kurashlar ostida oʻtdi va unda Boburjon oʻz ismiga monand harakat qilib, Ichki ishlar vazirligi jamoasiga ikkinchi oltin medalni taqdim etdi.
ALM_2631-2208x1472.JPG
Navbatdagi 90 kilogrammgacha boʻlgan vaznda Jamshid Rahmonaliyev (DXX) va Batirbek Xojabekov (Milliy gvardiya) finalga yetib keldi. Ushbu sportchilarning ikkalasi ham terma jamoa aʼzosi sanaladi. Qolaversa ular xalqaro toifadagi sport ustasi hamda bir necha bor Oʻzbekiston va Osiyo chempionatlarining sovrindoriga aylanishgan. Bir-biriga munosib ikki sportchi oʻrtasidagi bahsda omad Rahmonaliyevga kulib boqdi.
Va nihoyat eng ogʻir vaznli ishtirokchilar oʻrtasidagi final jangida xalqaro toifadagi sport ustasi Ilyos Raimov (Milliy gvardiya) sport ustaligiga nomzod Bahodir Qosimovga (Mudofaa vazirligi) hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Ikki kun davom etgan musobaqalar yakuniga koʻra umumjamoa hisobida 1-oʻrinni Ichki ishlar vazirligi jamoasi qoʻlga kiritdi. Ular ikkita vazn toifasida gʻolib chiqishdi. Xuddi shuncha vaznda chempionlikka erishgan Milliy gvardiya jamoasi esa 2-oʻrin bilan cheklandi. Boisi, ular kumush va bronza medallari borasida IIV jamoasidan ortda qoldi. Umumjamoa hisobida kuchli uchlikka DXX jamoasi yakun yasab berdi.
Musobaqa yakunida barcha gʻolib va sovrindorlar medal, diplom hamda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining qimmatbaho sovgʻalari bilan taqdirlanishdi.

 

Otabek Eshmamatov, Muhammad Amin (surat), OʻzA