Prezident: nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish joylari tashkil etish doimiy e’tiborda bo‘ladi

Mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, og‘ir ijtimoiy-maishiy sharoitlarda yashovchi oilalarning turmush darajasini yaxshilash maqsadida ularni arzon uy-joy bilan ta’minlash, tibbiy xizmatlarni olishda, maishiy texnikalar va uy hayvonlari xarid qilishda beg‘araz yordam ko‘rsatilmoqda.

O‘zbekiston karlar jamiyatining Olmazor tumanida joylashgan Kar-soqovlar madaniyat markazi hududida ham keng qamrovli ishlar bajarildi. Dastavval, 6 gektardan iborat hudud obodonlashtirildi. Kar-soqovlar madaniyat markazi binosi tubdan ta’mirlandi, uning ichidagi 450 o‘rinli konsert zali, to‘garak xonalari, sport zallari zamonaviy jihozlandi.

Markaz yonida O‘zbekiston karlar jamiyati sport federatsiyasining usti yopiq sport zali bo‘lib, hozirgi kunda kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Uning yonida yangi stadion barpo etildi.

Prezidentimiz madaniyat markazi binosida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Jamiyat a’zolari bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamiga qaratilayotgan e’tibor, ularning muammolarini hal qilish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rliklar haqida suhbatlashdi. Kar-soqov bolalarni o‘qituvchi mutaxassislar va surdotarjimonlar tayyorlash dolzarb masalalardan ekanini ta’kidlab, aholining mazkur qatlami savodxonligi, tarbiyasi, ishlashi, dam olish va davolanish sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan alohida qaror tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Shaxmat bo‘yicha ikki karra jahon chempioni Sirojiddin Zayniddinov, taekvondo bo‘yicha Osiyo chempionati sovrindori Davron Xidirov, yosh rejissyor Oleg Oshipkovga Toshkent shahridan uy, madaniyat markazi uchun ikkita avtobus sovg‘a qildi.

Bilasizki, davlat xalqqa xizmat qiladi, degan tamoyilni o‘zimizga maqsad qilib olganmiz. Sizlar ham jamiyatimizning munosib a’zosisizlar. Ushbu sohaga hamma sharoitlarni yaratamiz. O‘zbekistondagi har bir odam men uchun qadrli, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 11 iyundagi “Aholining ijtimoiy zaif qatlami bandligini ta’minlashni rag‘batlantirishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida alohida toifadagi tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash, nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat faoliyatiga jalb etishda yangi imtiyozlar berildi.

Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekiston karlar jamiyatiga qarashli hududda 3 ta blokdan iborat sanoat zonasi tashkil etildi. Bugun ulardan birida “Ko‘kcha tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatining tikuvchilik korxonasi ish boshladi.

Korxonada 27 nafar karlar jamiyati a’zosi ish bilan ta’minlandi. Ularga “Ko‘kcha tekstil”ning 74 malakali ishchisi tikuvchilik sirlarini o‘rgatmoqda.

Prezidentimiz tikuvchi ayollar bilan suhbatlashdi. Amalga oshirilayotgan bunday ishlar izchil davom etishini, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ish joylari tashkil etish doimiy e’tiborda bo‘lishinita’kidladi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA