Flamingo qushlarining kelishi ko‘paymoqda

Qoraqalpog‘istonning Sudochye, Jaltirbas ko‘llarini makon tutgan, qushlarning migratsiya davrida uchib kelib dam oladigan flamingo qushlarini Nukus shahri atrofida ham uchratish mumkin. Joriy yil bahor oyida Nukus shahri yaqinidagi Kotlovan deb nomlanuvchi hududdagi kichik ko‘llarga flamingo qushlari to‘dasi kela boshladi.
– Men 20 yildan buyon shu yerda yashayman. Qushlarning har xil turlarini ko‘rganman. Lekin bu hududda shu yili birinchi marotaba flamingo qushlari to‘dasi paydo bo‘ldi, – deydi Trofim ismli fuqaro. – Hozirda u qushlar to‘dasi uchib ketdi, lekin ikkitasi qanotidan yarador bo‘lganligi uchun to‘dadan ajralib qolgan.
9.jpg
Qizilqum qo‘ynidagi Nukus shahriga 27 kilometr uzoqlikda joylashgan ushbu so‘lim manzarali tabiat qo‘ynida qushlardan yovvoyi g‘oz, o‘rdak, qashqaldoq, birqozon, hayvonlardan tulki, qo‘yonlarni ko‘plab uchratish mumkin. Flamingolar esa avval bu joylarga kelmagan.
– Mahalliy tilda qizilg‘oz deb nomlanuvchi flamingo qushlari Sudochye va Jaltirbas ko‘llaridan tashqari, Qoraqalpog‘istonning yana bir necha hududida – Vozrojdeniye oroli, g‘arbiy Qorateran ko‘li, Shegeko‘l (Mejdurechye suv saqlagichi), Sariqamish ko‘li, Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘i, Aqchadaryo (Xitoyqazg‘an) kanallari bo‘ylarida va boshqa joylarda ham uchraydi, – deydi ornitolog olim Yakub Ametov. – Ular Qoraqalpog‘istongauzoq safar oldidan oziqlanish uchun qo‘nishadi. Lekin qoraqalpog‘istonlik ornitolog olimlar 2014 yilda Sudochye ko‘llari tizimida olib borgan tadqiqotlar vaqtida flamingoning katta uyalovchi koloniyasini topgan edi.
11.jpg
Flamingoning asosiy ozuqasi mayda qizil artemiya va uning tuxumi (sistasi) sanaladi. Bundan tashqari, flamingolar mollyuskalar, hasharot lichinkalari va qurt-qumursqa bilan ham oziqlanadi. Ular ozuqasini suvning sayoz joylaridan qidiradi. Flamingo uyalagan suvida oziqlanishi ham mumkin, lekin ozuqa kam bo‘lsa, boshqa joyga uchib borib (30-40 hatto 50-60 km.) yana qaytadi.
Eng qizig‘i, flamingolar ushbu artemiyalar bilan oziqlanib, tanasiga yog‘ yig‘adi, natijada pushti rangga kira boshlaydi. Ular ayniqsa, ko‘payish vaqtida pushti rangga kirib jufti halolini topish, maftun qilish maqsadida artemiyani ko‘proq tanovul qiladi.

 

Yesimxon Qanoatov, Maqsad Habibullayev (surat) O‘zA