Joriy yilning 31 yanvar kuni Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasining yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda Qo‘mita, ekspertlar guruhi a’zolari, tegishli vazirlik va idoralar, davlat va nodavlat tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Senatorlar 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturining ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisobotini dastlabki tarzda ko‘rib chiqdilar.

Dastur 273 ta banddan iborat bo‘lib, uning 117 ta bandida normativ-huquqiy hujjatlar, shu jumladan, 14 ta qonun, 103 ta O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari, 156 ta chora-tadbirlar dasturi va boshqa hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish belgilangan.

Qayd etilishicha, 2021 yilda davlat dasturi ijrosi doirasida umumiy qiymati 29,5 trillion so‘m, 2,6 milliard AQSH dollari hamda 57,5 million yevroga teng loyihalarni amalga oshirish nazarda tutilgan edi. Davlat dasturining jami 273 ta bandidan 243 tasi to‘liq bajarilgan.

Shuningdek, tadbirda davlat dasturi doirasida boshqa sohalar kabi xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, gender tenglikni ta’minlash borasida qilingan ishlar ham ko‘rib chiqildi.

Senatorlar qayd etganidek, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida 6,5 ming xotin-qizga Davlat maqsadli jamg‘armasi tomonidan 100 millird 341 million so‘m miqdorida kredit resurs mablag‘lari ajratib berilgan.

Bundan tashqari, “Ayollar daftari”ga kiritilgan ehtiyojmand xotin-qizlarning tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2021 yil davomida 96 873 nafar xotin-qizga 1 trillion 197 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgan. Turmush sharoiti og‘ir va nogironligi bo‘lgan 1 630 nafar xotin-qiz ro‘yxati shakllantirilib, tuman (shahar) huzuridagi maxsus komissiyalar tomonidan xujjatlar tasdiqlanib, arzon uy-joylar bilan ta’minlash maqsadida uylarning boshlang‘ich badalini to‘lab berish uchun 31 milliard 643 million so‘m ajratilgan.

Qayd etilganidek, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarning muammolarini o‘rganish va hal etishga ko‘maklashish maqsadida har bir mahallada “Ayollar maslahat kengashi” jamoatchilik tuzilmasi tashkil etilgan.

Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish respublika markazi hamda 28 ta hududiy va tumanlararo markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Respublika va hududiy Xotin-qizlar jamoatchilik kengashlari, Xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika komissiyasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Turmush sharoiti og‘ir va nogironligi bo‘lgan 7 350 nafar ayol va bolalarga 7 milliard 528 million so‘mlik reabilitatsiya vositalari taqdim etish, o‘ta og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan, nogironligi bo‘lgan 500 nafar xotin-qizni jarrohlik yo‘li bilan operatsiya qilish uchun ro‘yxatlar shakllantirilib, Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasidan 13 milliard so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.

Minimal gender ko‘rsatkichlar va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan “gender.stat.uz” veb-sayti yaratilib, uni doimiy ravishda yangilab borish yo‘lga qo‘yilgan.

Oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oila qizlari uchun 2 ming 80 ta grant ajratildi. Muhtoj yolg‘iz ayollar va boquvchisini yo‘qotgan qizlarning oliy ta’lim olish uchun kontrakt to‘lovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi. Faol xotin-qizlar bilan tizimli ishlash, ularni rahbarlikka tayyorlash maqsadida ta’lim muassasalarida 1029 nafar iqtidorli qizning zaxirasi shakllantirilgan.

Muhokamalar so‘ngida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.

 

O‘zA