Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining yigirma to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, cyektor va soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasini 2021 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2022 yilgi rejalar to‘g‘risida Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariyev aholiga murojaat yo‘lladi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan hokimlarning keng jamoatchilikka 2021 yilgi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari hamda 2022 yilgi rejalar to‘g‘risida Murojaatnomasi taqdim etilmoqda.

Joriy yil yakunida yalpi hududiy mahsulot hajmi 108,7, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 111,6, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 105,5, qurilish-pudrat ishlari 111,6, xizmatlar hajmi 124,9 foizga o‘sishi, aholi jon boshiga esa sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2020 yilga nisbatan 846,8 ming so‘mga oshib, 8,1 million so‘mni tashkil etishi yoki 111,5 foizga o‘sishi, xizmatlar hajmi 1,1 million so‘mga oshib, 4,5 million so‘mni (133,1%) tashkil etishi kutilmoqda. Shuningdek, 23100 ta yangi ish o‘rni yaratilib, bandlik dasturining ijrosi 105 foizga bajarilishiga erishiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2021 yilning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturiga asosan, jami qiymati 5 trillion 83 milliard so‘mlik 756 ta loyiha ishga tushirilib, ularning evaziga 9206 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 91,6 million dollarlik xorijiy investitsiya o‘zlashtirilib, uning miqdori 2020 yilga nisbatan 112 foizga o‘sishi, yil yakuni bilan 124,0 million dollarlik mahsulot eksporti amalga oshirilib, o‘tgan yilga nisbatan 122,4 foizga va eksportyor korxonalar soni 50 taga oshishi kutilmoqda.

Joriy yilda “Temir daftar”ga kiritilgan 15 190 ta oilaga hamda “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan jami 94 ming nafardan ziyod fuqaroga har tomonlama amaliy yordam ko‘rsatildi, jami 3 ta jamg‘armaga mahalliy byudjetdan 42,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Joriy yilda 505,6 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. Shuningdek, 680,6 kilometr ichimlik suv tarmog‘i qurilib, ta’minlanganlik darajasi 68,1 foizga yetdi. Elektr ta’minoti bo‘yicha joriy yilda 843,6 kilometr tarmoq va 207 dona transformator punkti rekonstruksiya va modernizatsiya qilindi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida 71 mingdan ortiq xonadon, mingga yaqin tadbirkorlik sub’ekti hamda 180 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalarining elektr ta’minoti yaxshilandi.

Ijtimoiy soha infratuzilmasini yaxshilash maqsadida joriy yil davomida jami 281 ta ob’ektda, jumladan, 46 ta bog‘cha, 206 ta maktab, 18 ta tibbiyot hamda 11 ta boshqa ijtimoiy soha muassasalarida qurilish, ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, ushbu maqsadlarga 413 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirildi.

Qishloq xo‘jalik ekinlarini joylashtirishda an’anaviy yondashuvlardan voz kechib, dehqonlar daromadini ko‘paytiradigan, eksportbop mahsulotlarni yetishtirish ustida tinmay izlanishlar olib borilmoqda. Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, dehqon va fermerlar, klaster xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylandi. Tashkil etilgan klasterlar tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar sababli hozirda paxta hosildorligi sezilarli darajada o‘sdi. Bundan 4-5 yil avval hosildorlik 20 sentner bo‘lgan bo‘lsa, sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida joriy yilda 28 sentnergacha hosildorlikka erishildi.

Kelgusi 5 yilda 288 mingdan ziyod doimiy ish o‘rni yaratish orqali kambag‘allikni 3 baravarga qisqartirilib, umumiy qiymati 5 milliard 100 million dollarlik 2 mingdan ziyod investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Hududlarda 45 ta yangi kichik sanoat zonasi barpo etiladi. Eksport hajmlari kamida 4 barobarga oshirilib, 500 million dollarga yetkaziladi.

Murojaat yuzasidan deputatlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Shuningdek, sessiyada boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA