Nukusda davlatimiz rahbarining kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmatida yangicha tizimni tashkil etish bo‘yicha qabul qilingan farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash yuzasidan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan vaqt mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasida 448ta yangi vakant lavozim uchun 883 marotaba ochiq mustaqil tanlovga e’lon berilgan. Shundan bugungi kungacha 247ta lavozimga tanlov g‘olibi aniqlangan. 83 tasida hujjat qabul qilish, 118 tasida malaka talabini o‘rganish, test va suhbat bosqichlari davom ettirilmoqda.

Ushbu ochiq mustaqil tanlovlarda 10 ming nafardan ortiq nomzodning ishtirok etganligi alohida qayd etildi. Ammo ayrim tashkilotlarda qator kamchiliklar, jumladan, suhbat o‘tkazish uchun maxsus xona ajratilmaganligi, tanlov komissiyasi a’zolarining to‘liq tarkibda ishtirok etmayotganligi, tanlov bosqichlarining qo‘pol tarzda buzilayotganligi yoki tanlovsiz ishga qabul qilish holatlari aniqlanmoqda.

Bundan tashqari, Agentlikning mas’ul xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi miqyosida saralangan davlat organlari va tashkilotlarida ochiq mustaqil tanlovlarning tashkil etilishi va mehnat qonunchiligiga amal qilishi yuzasidan o‘rganishlar olib borilgan. O‘rganish davomida 3 ta vazirlikda jami 85 ta qonun buzilish holati aniqlangan.

Davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan odilona va xalqchil siyosat negizida davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishning yangicha zamonaviy tizimi yaratilmoqda. Shu asosda, ishga qabul qilish jarayonlarida nomzodlarning ochiq mustaqil tanlovlar orqali qabul qilinishida barcha rahbarlardan mas’uliyat bilan yondashish talab etiladi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan aniqlangan kamchiliklarni qisqa muddatlarda bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha choralar belgilandi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov ishtirok etdi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA