Toshkent shahridagi Anjumanlar saroyida 24 noyabr kuni “Yangi O‘zbekiston ta’limi: islohotlar yo‘lida muvaffaqiyatli hamkorlik” xalqaro forumi ish boshladi.

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tomonidan xalqaro hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan anjuman kun tartibidan global ta’limni rivojlantirish, o‘qitish sifatini yangi bosqichga olib chiqish, hamkorlikni kuchaytirish, o‘qituvchilar malakasini oshirish masalalar o‘rin olgan.

Tadbir avvalida Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Xalqaro forum ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov o‘qib eshittirdi.

Xalqaro forumda Massachusets texnologiyalar instituti J-Well direktori Vijay Kumar, Myunxen texnika universiteti faxriy prezidenti, Yangi O‘zbekiston Universiteti faxriy rektori Volfgang Xerrman, YUNESKOning ta’lim masalalari bo‘yicha direktori o‘rinbosari Stefaniya Janini, “Cambridge Assessment” xalqaro ta’lim tashkiloti bosh maslahatchisi Stiv King, “Times Higher Education” o‘quv muassasasi bosh tijorat direktori Nik Devis singari ko‘plab xalqaro miqyosdagi obro‘li mutaxassislar ishtirok etayotgani mazkur anjumanning yuqori nufuzini belgilaydi.

Anjumanlar saroyi ayvonida so‘nggi yillarda Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Prezident maktablari, Abdulla Qodiriy, Mirzo Ulug‘bek, Abu Ali Ibn Sino, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashgan maktablar, Raqamli avlod o‘quv muassasalarida ta’lim olayotgan yosh o‘quvchi-talabalar yaratgan ilmiy ishlanmalar, ijod namunalari ko‘rgazmasi uyushtirildi.

Ishtirokchilar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyati bilan tanishdi.

Forum doirasida Massachusets texnologiya instituti, Turkiya Ta’lim vazirligi, Nottingem Trent, Portsmut universitetlari, “Team Coach International” tashkiloti bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Buning natijasi o‘laroq, Agentlik tizimidagi ta’lim muassasalari faoliyatida hamkorlikning aniq yo‘nalishlari belgilab olinadi, tajriba almashish jarayonida ta’lim sohasidagi mavjud muammolarga yechim topish, amalga oshirilayotgan ishlar natijadorligini baholash imkoni paydo bo‘ladi.

Tadbir ishtirokchilarining “Yangi O‘zbekiston” universitetining yo‘nalishlari, maqsad va vazifalari, maskanda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishishi yetuk xorijiy va mahalliy professorlar, olimlar, malakali o‘qituvchi va xodimlarni, shuningdek, xorijiy talabalarni universitetga jalb qilishga yordam beradi. Qolaversa, bu xalqaro maydonda O‘zbekistonning ijobiy imijini yaxshilashga ham hissa qo‘shadi.

Forumning birinchi kunida taqdimot yig‘ilishi hamda yuqori martabali mehmonlar ishtirokida davra suhbati tashkil etildi. Muloqotlarda, jumladan, global ta’limdagi mavjud muammolarning yechimi: xorij tajribasi va integratsiya, zamonaviy mehnat bozori talabiga muvofiq ta’lim berishning asosiy omillari, iqtidorli yoshlar uchun sifatli ta’lim sharoiti yaratish, ta’limga oid global miqyosdagi yangiliklarni mahalliy sharoitda joriy etish mavzularida ekspertlar chiqishi tinglandi.

Anjumanning ikkinchi kunida Prezident ta’lim muassasalari agentligi va Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi o‘qituvchilar uchun malakali xorijiy mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari va taqdimotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Yalpi majlisda raqamlashgan davrda chet tillarni o‘qitish ko‘nikmasi va STEM fanlari joriy qilishning hozirgi muammolari va kelajakdagi strategiyalari kabi masalalar ham muhokama etiladi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Prezident ta’lim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova ishtirok etdi.

 

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA muxbiri