O‘zbekistonga Koreya sud tizimi vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi.
Koreya Respublikasi Oliy sudi raisi Kim Myon Su boshchiligidagi delegatsiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Kozimjon Komilov qabul qildi.
K.Komilov mehmonlarga mamlakatimiz sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar, bu boradagi qonunchilik asoslarini mustahkamlash, sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish, sudlar faoliyatida shaffoflik va ochiqlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida batafsil ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, amalga oshirilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi sud hokimiyatining mustaqilligi, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda odil sudlovga erishish darajasini oshirishdan iborat.
Uchrashuv davomida tomonlar sud tizimini takomillashtirish, sud hokimiyatining roli va obro‘-e’tiborini mustahkamlash hamda sudlarning mustaqilligini ta’minlash, turli sudlov institutlari faoliyatini takomillashtirish, sudyalarni tayyorlash va sudlar faoliyatiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdi.
Shuningdek, muloqot mobaynida davlatlarimiz Oliy sudlari muntazam ravishda huquqiy axborot almashishni amalga oshirish va o‘zaro manfaatlarni ifodalovchi boshqa masalalar bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazish bo‘yicha kelishib oldi.
Tomonlar o‘zaro aloqalar, hamkorlik, muntazam fikr almashuv o‘rnatilishi sud hokimiyati organlari barqaror rivojlanishi va faoliyat yuritishining harakatga keltiruvchi omillar ekanligini chuqur anglagan holda konstruktiv va o‘zaro manfaatlarga asoslangan hamkorlik kengaytirilishi tarafdori ekanligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida mamlakatlarimiz Oliy sudlarining o‘zaro manfaatlarini ifodalovchi sohalardagi hamkorlik va aloqalarning huquqiy asoslarini belgilab beradigan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Koreya Respublikasi Oliy sudi o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Koreya delegatsiyasi vakillari sudlar faoliyati bilan tanishishi, Sudyalar oliy kengashi, Konstitutsiyaviy sudda uchrashuv o‘tkazishi kutilmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA