YUNICEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasidan xabar berishlaricha, 200 ming dollarlik ushbu grant bolalarni himoya qilish tizimini takomillashtirishga yo‘naltiriladi.

Grant loyihasi doirasida bolalarni himoya qilish tizimini mustahkamlash, majburiy mehnatga jalb qilinishining oldini olish, ruhiy salomatlik va psixologik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyat ko‘rsatuvchi ijtimoiy soha xodimlari malakasini oshirish ko‘zda tutilgan.

Grant yordamida 70 mingdan ortiq bola ijtimoiy himoyaga olinadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan ijtimoiy soha xodimlari uchun o‘quv platformasi yaratilib, ularning bilim va ko‘nikmasi oshirib boriladi. Shuningdek, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi ikkita psixologik-ijtimoiy ko‘mak markazi zarur mebel va zamonaviy axborot texnologiyalari bilan jihozlanadi.

 – Yaponiya hukumati O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini muntazam qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Bu Markaziy Osiyo va Afg‘onistonda barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan loyihalarimizning bir qismi bo‘lib, bolalar farovonligini oshirishga xizmat qiladi, – deydi Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Yoshinori Fujiyama.

 

Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA