O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan Afg‘oniston bilan qo‘shni davlatlar tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvida ishtirok etish maqsadida Tehron shahriga bordi.

Tashrif doirasida Abdulaziz Komilov Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullahiyon bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston-Eron munosabatlarining bugungi darajasi, turli sohalardagi savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlar masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Eronning afg‘on inqirozini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari, Afg‘onistonda turli infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirishda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi.

Eron tomoni Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o‘rnatishga faol hissa qo‘shishga tayyor ekanini bildirdi.

 

O‘zA