So‘nggi yillarda odamlarning dardu tashvishlarini, muammolarini o‘rganish, ularni o‘ylantirayotgan masalalarga ijobiy yechim topish, murojaatlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Lekin bugun davrning o‘zi zamon bilan hamqadam bo‘lish, kerak bo‘lsa, undan bir qadam ilgari odimlashni taqozo etmoqda. Bugun hayot shiddat bilan o‘zgarmoqda, odamlarning talablari, istaklari o‘zgarmoqda. Shu ma’noda barcha sohalarda bo‘lgani kabi mazkur muhim yo‘nalishda ham o‘tgan qisqa davrda orttirilgan ijobiy tajribalarni yanada takomillashtirish, uni mazmun jihatdan rivojlantirish g‘oyat muhim.

Aholi murojaatlari bilan ishlash, ularni qiynab kelayotgan muammolarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinganda, bir qator kamchiliklar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Ana shu jihatlarni e’tiborga olgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi tomonidan mazkur qonun loyihasini dastlabki tarzda ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda quyi palata deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi, Maktabgacha ta’lim vazirliklari mas’ullari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Xo‘sh, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishga qanday zarurat tug‘ildi?

Deputatlarning aytishicha, amaldagi “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun 2014 yil 3 dekabrda qabul qilingan. Unda jamoaviy murojaatga ta’rif berilmagan. Mazkur qonun loyihasida esa jamoaviy murojaat bir yoki bir nechta masala bo‘yicha uchdan kam bo‘lmagan shaxsning murojaati deb ochib berilmoqda. 9-moddada jismoniy va yuridik shaxslarning vakillarini qabul qilish tartibi belgilangan bo‘lib, davlat organlari tashkilot rahbarlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarni qabul qilish kiritilgan.

– Bugun “Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan ezgu tamoyil davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Mavjuda Hasanova. – Ayniqsa, joylarda barcha darajadagi rahbarlar bilan jonli muloqotlar va sayyor qabullar yo‘lga qo‘yilgani odamlarda muammolarini hal qilish mumkinligiga katta umid va ishonch uyg‘otdi. Ammo hozirgi davr murojaatlar borasida yangicha tizimda ishlashni taqozo etayotgani sababli bir guruh deputatlar tashabbusi bilan mazkur qonun loyihasi ishlab chiqildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasini ishlab chiqishda xorijiy tajribalar, xususan, fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi Belarus, Qirg‘iziston, Ozarbayjon Respublikalarining qonun normalari o‘rganib chiqilgan. Qonun loyihasiga ko‘ra, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunning 3, 9, 13, 21, 231, 241–moddalariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish nazarda tutilmoqda.

O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi tufayli ko‘p tashkilotlar masofadan ishlash tizimiga o‘tgan edi. Shu bois qonun loyihasiga fuqarolarni videokonferensaloqa orqali qabul qilish tartibi ham kiritilmoqda. Bu, o‘z navbatida, ikki tomonlama muloqotni yo‘lga qo‘yishga imkoniyat beradi.

Yig‘ilishda qonun loyihasi ishchi guruh tomonidan qizg‘in muhokama etilib, deputatlar tomonidan kelib tushgan takliflar asosida yanada takomillashtiriladigan bo‘ldi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA