Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyev bugun, 29 sentyabr kuni Andijon viloyati saylovchilari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Uchrashuvni nomzodning Andijon viloyati bo‘yicha ishonchli vakili O‘ktamjon Oxunov ochdi.

Ishonchli vakil keyingi yillarda Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz, shu jumladan, Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yirik ijtimoiy-iqtisodiy loyihalar, ularning odamlar turmushi farovonligini yaxshilashdagi ahamiyati haqida to‘xtaldi.

Joriy yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan muhim ijtimoiy-siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga viloyatda puxta tayyorgarlik ko‘rilayotgani qayd etildi.

Shundan so‘ng so‘z O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevga berildi.

– Andijon to‘g‘risida ko‘p gapirish mumkin, eng lo‘nda gap shuki, O‘zbekistonning 1 foiz yerida 10 foiz aholisi yashaydi. Bu mehnatkash, tanti andijonliklarning o‘ziga xos jasorati, matonatidan dalolatdir. Andijonliklar bilan bamaslahat ularga kerakli sharoitni yaratib berish uchun kelganmiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ayni paytda Shavkat Mirziyoyev o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma’ruza qilmoqda.

 

O‘zA