Prezidentlikka nomzod qashqadaryolik saylovchilar bilan uchrashuvda o‘zining saylovoldi dasturi haqida gapirar ekan aholini ichimlik suvi ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratdi.

– Biz “Ona tabiatni asrab-avaylash muqaddas burchimizdir!” shiori ostida aholi uchun qulay yashash sharoitlarini yaratish maqsadida atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va aholi salomatligini saqlash borasida barcha choralarni ko‘ramiz.

Inson salomatligi va xavfsizligi uchun muhim bo‘lgan markazlashgan ichimlik suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini yaxshilash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirish orqali aholining ichimlik suvi ta’minoti 90 foizga yetkaziladi.

Xususan, suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratilgan tashkiliy-huquqiy islohotlar olib boriladi;

ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish, yangilarini qurish, eskirganlarini modernizatsiya qilish bo‘yicha manzilli dastur, loyihalar ishlab chiqilishi, ularni izchillik bilan ro‘yobga chiqarish orqali shahar va tumanlarning ichimlik suvi hamda kanalizatsiya tizimi ta’minoti yaxshilanadi;

qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalangan holda suvni chuchuklashtiruvchi lokal qurilmalar barpo etish orqali olis qishloq joylarda suv ta’minoti sezilarli darajada yaxshilanadi;

ichimlik suvi ta’minoti loyihalarida bozor mexanizmlarini joriy etishga, loyiha tashabbuskorining tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar suv hisoblagichlarning o‘rnatilishi natijasida suv resurslaridan samarali foydalanishga erishiladi;

oqova suvlarni tozalash inshootlarining samaradorligi past bo‘lgan hududlarda oqova suvlarni tozalash inshootlarini modernizatsiya qilish hamda yangilarini qurish choralari ko‘riladi.

 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA