Xalq demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisova o‘zining Saylovoldi dasturida ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etishni maqsad qilib, quyidagi tashabbuslarni ilgari surmoqda:

IJTIMOIY HIMOYA

mamlakatda ijtimoiy tengsizlikning barcha ko‘rinishlariga barham berish;

pensiya hisoblash tartibini takomillashtirish, ayollarning bola parvarishidagi davrini ish stajiga qo‘shib hisoblash;

nogironligi bo‘lgan shaxslarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, III guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarga nafaqa tayinlash;

“Mehnat muhojirlari huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish;

og‘ir ijtimoiy ahvoldagi oilalarni ijtimoiy turar joylar bilan ta’minlash;

SOLIQ, SANOAT

aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq tizimini joriy etish;

asosiy oziq-ovqatlar narxlarini shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat’iy o‘rnatish;

qishloq tumanlariga sanoatni olib kirish;

TIBBIYOT

aholiga davlat tomonidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlash;

shifokorlarning ish haqini 3 barobarga, hamshiralarning oyligini esa 2 barobarga oshirish;

dorixonalar va xususiy tibbiy muassasalarga alohida ijtimoiy tashkilot maqomini berish;

tibbiyot xodimlarining sha’ni, qadr-qimmati va sog‘lig‘ini himoya qilish bo‘yicha qonun qabul qilish;

TA’LIM

bolalarni 2 yoshdan maktabgacha ta’limga qabul qiluvchi maxsus guruhlar tashkil etish;

boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun nonushtalar hamda jamoat transportlaridan foydalanishni bepul asosda yo‘lga qo‘yish;

oliy ta’lim uchun grantlar sonini oshirish;

SUD-HUQUQ

fuqarolarning sudlarda Xalq maslahatchilari sifatida to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash;

qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlashda jamoatchilikning keng ishtirokini ta’minlash.

Mehribonlik uylarini bitirib chiqqan yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash, ishga joylashtirishning yangi mexanizmlarini joriy etish zarur

Yoshlar aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini tashkil qiladi. Lekin ular orasida ham alohida e’tibor va g‘amxo‘rlikka muhtoj toifa bor. Bu – yetim bolalar. Ularning salkam 2 ming nafari mehribonlik uylari hamda bolalar shaharchalarida, 560 nafari bolalar uyida, 21 ming nafari maktab-internatlarida tarbiyalanmoqda. Bundan tashqari, 79 ming nafar o‘g‘il-qiz homiylik, vasiylik va oila patronati qaramog‘iga olingan.

Yetimning boshini silish xalqimizda oliy fazilat sanalanadi. Ushbu qadriyat milliy qonunchiligimizda ham o‘z ifodasini topgan. Masalan, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunga yetim bolalarga doir alohida modda mavjud. Unga ko‘ra, mazkur toifa to‘liq davlat qaramog‘iga olinadi. Ya’ni davlat yetim bolalarni o‘qitish, ularni uy-joy, oziq-ovqat mahsulotlari, kiyim-bosh, poyabzal va boshqa buyumlar bilan ta’minlashga majbur. Ammo kezi kelganda bu kabi normalar faqat qog‘ozda qolib ketayotgani kishi ta’bini xira qiladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilarining 51 foiziga uy-joy ajratilgan. Mehribonlik uylaridan chiqqan yigit-qizlarning 64 foizi ish bilan ta’minlangan. Bundan anglashiladiki, mamlakatimizda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan farzandlarni turar joy hamda ish o‘rinlari bilan ta’minlash tizimi hali risoladagidek emas. Ahvol necha yildirki, o‘nglanmayapti.

Xo‘sh, muammoning ildizi qayerda? Nega maxsus muassasalardan uchirma bo‘layotgan minglab qorako‘zlarimiz katta hayot qiyinchiliklari oldida yakka holda qolib ketmoqda. O‘ylashimcha, asosiy sabab ijro intizomida. Axir, Mehribonlik uylari bitiruvchilarining uy-joy ta’minoti Vazirlar Mahkamasi gardanida-ku. Yanada aniqroq qilib aytganda, mazkur masalani joylardagi hokimliklar hal qilishi kerak. Amalda esa otangga bor, onangga bor qabilida ish tutilyapti.

Qonuniy haqqini talab qilolmay, davlat idoralarining eshigi tagida sarg‘ayishga majbur bo‘layotgan yetimlar haqida ko‘p eshitamiz. Ular uy olish uchun asossiz ravishda navbatga qo‘yiladi, yana qancha yugurib-yeladi. Holidan xabar oladigan, mushkulini oson qiladigan, og‘ir damda suyab, ardoqlaydigan hech kimi yo‘q. Buning oqibatida shusiz ham ko‘ngli nimta hamyurtimiz ruhan sinmasligi, davlatdan bir umrga norozi bo‘lib qolmasligiga hech kim kafolat berolmaydi. Inchunin, ijtimoiy himoyaga muhtojlarga e’tiborsizligimiz, tizimdagi kamchiliklarga ko‘zimizni chirt yumib ketayotganimiz ertaga o‘zimizga-da qimmatga tushishi tayin. Gap bir-ikki kishi emas, butun o‘zbek jamiyatining taqdiri, ijtimoiy kayfiyati, ertaga el-yurtiga qanday munosabat ko‘rsatishi haqida bormoqda.

Masalaning ikkinchi tomoni ham bor. Yurtimiz qonunchiligida har bir bola turar joyli bo‘lish huquqiga egaligi qayd etilgan. Turli vaj-karsonlar bilan mana shu huquqni ta’minlab bermaslik qonunga itoatsizlik, qo‘yingki, yetimning haqiga xiyonat demakdir. O‘zbekistonda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilarining salkam yarmi uy-joy bilan ta’minlanmagan. Vaholanki, har yili shu maqsadda davlat byudjetidan katta mablag‘ ajratiladi. Demak, xalqning puli o‘rtada “tuya” qilib ketilmoqda. Bunisi esa endi iqtisodiy jinoyat. Sohada korrupsiya urchib borgan sayin, ijtimoiy ta’minot mexanizmi izdan chiqaveradi. Shuncha vaqt va mablag‘ni behuda sovurganimiz qoladi, xolos.

Mavzuni tahlil qilish davomida qiziq holatga duch keldik. Rasmiy manbalarga ko‘ra, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining 17 foizini chin yetimlar, qolgan 83 foizini ota-onasi yoki yaqin qarindoshlari voz kechgan bolalar tashkil qilar ekan. Ko‘rinib turganidek, davlat qaramog‘iga olingan juda ko‘p o‘g‘il-qizlarning yo otasi, yo onasi yoki boshqa qarindoshlari hayot. Endi haqli savol tug‘iladi: nega ularni o‘z oilasiga qaytarish choralari ko‘rilmayapti? Masala yana tizimdagi nuqsonlarni ko‘rib, ko‘rmasligimizga borib taqalmoqda.

“Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘isida”gi qonunda aytilishicha, har bir bolaning oilada yashash va tarbiyalanish huquqi bor. Barqaror oilaviy muhitning bola psixikasi uchun afzalligini mutaxassislar ham tasdiqlaydi. Faqat mutasaddilar bu haqda unutib qo‘ygandek. Qoidaga ko‘ra, otasi yoki onasi bor bo‘lgan bolalar faqat bir yilgacha muddatda Mehribonlik uyiga qabul qilinishi mumkin. Amalda esa bolalar yillar davomida bunday muassasalarda qolib ketmoqda. Chunki hokim buvaning qarori chiqqan. Nahotki, o‘sha hujjatlarga indamay qo‘l qo‘yib berayotgan rahbarlar bola begonalar bilan emas, jon-jigarlari bag‘rida unib-o‘sishi ming chandon afzal ekanini tushunmasa? Qolaversa, mana shunday kaltabinlik evaziga davlatga ortiqcha yuk tushyapti.

Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi ham ancha og‘riqli. Bu borada haligacha yaxlit tizim shakllanmagan. Bola voyaga yetdimi, bo‘ldi, o‘z aravasini o‘zi tortaversin, degan tushuncha bilan yashayapmiz. Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarida ta’lim-tarbiya sifati yuqori emasligini videoselektor yig‘ilishida Prezidentning o‘zi tan olib aytdi. Bu ketishda maxsus muassasalardan chiqqan yigit-qizlar ertaga bir ishni eplab ketishiga shubha qilasan kishi. Aslida ham shunday.

Mehribonlik uylari bitiruvchilarini ishga olish yoki “Ustoz-shogird” an’anasi asosida korxona va tashkilotlarda kasbga o‘qitish borasida qonunchilikda ham hech gap yo‘q. Mazkur masalani jiddiy o‘ylab ko‘rib, kvotalar tizimini joriy etishning vaqti keldi. Sohada qat’iy jamoatchilik nazoratini olib borish ham juda muhim. Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar ittifoqi bunday ishlarga bosh qo‘shsa, nur ustiga nur bo‘lardi.

Endilikda 18 yoshga to‘lgan, uy-joyga muhtoj yetim bolalarga yangi qurilgan uylar bepul ajratiladi. Xayrli tashabbus, albatta. Biroq, ushbu tizim ham o‘zini oqlashi uchun keng jamoatchilikning ishtiroki zarur.

Abror QURBONOV,
O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i.

Maktab va maktabgacha ta’lim
muassasalaridagi o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilarni sifatli oziq-ovqat bilan kafolatli ta’minlashning ahamiyati haqida

Yaqinda bir ma’lumotga ko‘zim tushib qoldi. «Mercy Corps» tashkiloti (AQSH Qishloq xo‘jaligi vazirligi (USDA) tomonidan mablag‘ bilan ta’minlovchi) «O‘zbekistonda ta’lim va bolalar uchun oziq-ovqat Makgovern-Doul xalqaro dasturi» doirasida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan anglashuv memorandumini imzolabdi.

Yangilikka ko‘ra, byudjeti 21,5 million AQSH dollariga teng ushbu dastur 400 dan ortiq maktabgacha ta’lim muassasasini oziq-ovqat bilan ta’minlaydi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Surxondaryo viloyatidagi 245 ta qishloq va kam ta’minlangan maktabgacha ta’lim muassasasidagi 90 000 nafar bola uchun ovqatlanish va ta’lim olishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha infratuzilmani rivojlantirishni ko‘zda tutadi.

Bu xabarni o‘qib, maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarga yaxshi bo‘lganidan suyunib turgan ham edimki, yangilikka feysbuk ijtimoiy tarmog‘idagi bir foydalanuvchining izohiga ko‘zim tushdi. Izohda shunday deyilgan: “Hamkasbimning bir qo‘shnisi kunora ularning muzlatgichiga vaqtincha go‘sht qo‘yib turish odatini chiqaribdi. Yog‘siz, suyaksiz lahm go‘sht. Bu go‘shtdan sotib olishni ham bir-ikki marta taklif qilibdi.

O‘zining muzlatkichiga sig‘dirolmay, boshqanikiga qo‘yib turishga, o‘zlari yeb ulgurolmay, sotib yuborishga ehtiyoji tug‘ilgan bo‘lsa kerak, sho‘ring qurg‘urning.

Hamkasbim surishtirib ko‘rsa, u qo‘shni bolalar bog‘chasida oshpaz bo‘lib ishlar ekan. Keyin ayoliga qo‘shni go‘shtini qo‘yib turishga boshqa ruxsat bermaslikni tayinlabdi.

Bog‘chadagi taomlardan ota-ona va bolalarning noligani qulog‘imizga tez-tez chalinib turadi. Bog‘chalarga yetib kelguncha go‘shtlar necha pog‘onalardan yulinib-shilinib, bolalar ovqatiga chandir, yog‘, quruq suyaklar tushsa kerak.

Endi Amerikadan kelayotgan yordamdan kimlar ko‘proq xursand bo‘layotgani va u yordamning qanchasi bolalar oshqozoniga yetib borishini tasavvur qilyapman”.

Izohda aytilgan holatga biror so‘z deyishga ham kishining asabi bardosh bermaydi. Negaki, kelajagimiz egasi deb tarbiyalayotganimiz bolalarning rizqini qiyib, ular uchun ajratilgan mahsulotlarni uyiga olib ketayotgan vijdonsiz maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlariga gap ta’sir qilishiga odamning ishongisi ham kelmaydi.

Inson bolasini bog‘chaga tekinga bermaydi, har oy belgilab qo‘yilgan mablag‘ni to‘laydi, bolam shu yerda biror narsa o‘rgansin, deydi. Lekin yuqoridagi kabi holatlar ko‘ngilni xira qilib, olib borilayotgan siyosatga nisbatan ishonchsizlik kayfiyatini paydo qiladi. Chunki, agarki, bog‘cha xodimi shunchalik razillikka boryaptimi, demak tizimdagi kattalar undan ham kattaroq “ishlar”ni qilayotgan bo‘lishi mumkin, degan gumon paydo bo‘ladi.

Mavzuga qaytadigan bo‘lsak, oziq-ovqat mahsulotlari inson organizmini mo‘’tadil darajada ushlab turuvchi manba hisoblanib, har bir insonning o‘z vaqtida, me’yorida va yoshiga mos ravishda ovqatlanishi muhim ahamiyatga ega. Shu kabi bolalarning ham jismonan, ham ma’nan rivojlanishida ular tanavvul qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining o‘rni beqiyos. Mutaxassislar fikriga ko‘ra, organizmda yetarli darajada, ya’ni sarflanadigan va oziq-ovqatlar bilan tushadigan quvvat o‘rtasida muvozanat saqlansa, inson sog‘lom bo‘ladi.

Tadqiqotlarga ko‘ra, maktabgacha bo‘lgan yoshdagi bolalarning organizmi tez o‘sadi, tana a’zolari shakllanishi davom etib, almashuv jarayonlari yuqori tezlikda kechadi. Bu davrda markaziy asab tizimi tezkor sur’atda rivojlanadi. Maktabgacha davrning oxirida bolada barcha asosiy harakatlarni egallashi va nutqi yaxshi rivojlanishi jarayoni kechadi. Bu esa ularda yuqori harakat faolligini va katta energiya sarflanishini talab etadi. Bola organizmining rivojlanishi, hujayralar tuzilishi uchun kerak bo‘lgan moddalar, birinchi navbatda oqsillar, vitaminlar va minerallarni ko‘p talab etadi. Ayni yoshda ko‘p vaqti maktabgacha ta’lim muassasasida o‘tadigan bolalarimizning qanday ovqatlarni yeyotgani muhimdir.

Shuningdek, maktab yoshidagi bolalarning ham ratsional ovqatlanishi ularning har tomonlama rivojlanishining birlamchi shartlaridan hisoblanadi. Maktab davri yoshidagi bolalarda tezkor o‘sish, mushak va suyaklarning kattalashishi, moddalar almashinuvini kuchayishi kuzatiladi. Aynan shu davrda odam organizmining to‘liq yetilishi va shakllanishi kuzatiladi. Bu murakkab jarayonlarni ta’minlash uchun maktab yoshidagi bola tarkibi yetarli darajada moddalar va vitaminlarga boy to‘laqonli biologik mahsulotlar qabul qilishi kerak. Shu sababli maktab oshxonalarida qanday ovqatlar qilinishi, o‘quvchilar nimalarni tanavvul qilayotganiga ham jiddiy e’tibor qaratish lozim.

O‘smirlik davrida qator kasalliklar noto‘g‘ri ovqatlanish sababli yuzaga keladi. Ushbu yoshlarda chizburger, gamburger, xod-dog, chipslar bilan birgalikda kola, gazli va rangli salqin ichimliklarning iste’mol qilinishi turli xil kasalliklarning rivojlanishga olib keladi. Ovqat tayyorlash jarayonida qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yish, mahsulotlarni tayyorlash texnologiyasiga amal qilmaslik ovqat sifatining pasayishiga, organizm uchun hech qanday qiymatsiz taomga aylanishiga olib keladi.

Yuqoridagilarga asoslangan holda shuni ta’kidlash mumkinki, mamlakat kelajagining bunyodkori bo‘lgan farzandlarimizni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli ta’minlash yo‘lida har birimiz mas’ul bo‘lmog‘imiz darkor. Qadimgi yunon faylasuflarining fikricha, odamning yeyotgan ovqati bevosita uning taqdiriga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Boymurod YUSUPOV,
O‘zXDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan nomzod Maqsuda Vorisovaga ovoz bering!