Nukus shahrida 13-14 sentyabr kunlari II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichi yakuniga yetdi.

Sharq xalqlari folklor san’atining yetakchi janri bo‘lgan baxshichilikni keng targ‘ib qilish, folklor an’analari va qadriyatlarini saqlash, o‘rganish, targ‘ib etish, rivojlantirish va baxshichilik san’atining mohir ijrochilarini rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan tanlovda Qaraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardan 80 nafarga yaqin baxshi va jirovlar ishtirok etdi.

Ikki kun davomida baxshi va jirovlar tomonidan termalar, kuy-qo‘shiq va dostonlar ijro etildi. Oqinchilik maktabi bo‘yicha baxshilarning chiqishlari tinglanib, hay’at a’zolari tomonidan baholab borildi.

Nukus shahridagi Yosh tomashabinlar teatrida tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari B.Ahmedov va boshqalar so‘zga chiqdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizda baxshichilik va dostonchilik san’ati tarixi, baxshilar va dostonchilar ijodini mukammal o‘rganish, xalq og‘zaki ijodi yodgorliklarini to‘plash, yosh avlod qalbida baxshichilik san’atiga mehr-muhabbat tuyg‘ularini kamol toptirish, yosh avlodni mardlik, halollik, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, ona yurtga va ajdodlar merosiga yuksak sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan ushbu festivalda qator tadbirlar o‘tkazish nazarda tutilgan. Shubhasiz, ushbu tadbirlar o‘zaro do‘stlik, madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tanlov yakunida Oliy o‘rin – Gran-pri Qashqadaryodan Bahrom Rahimovga, birinchi o‘rinlar to‘rtta maktab yo‘nalishi bo‘yicha Surxondaryo viloyatidan Baxshiqul Tog‘ayev, Xorazm viloyatidan Feruz Normatov, Qoraqalpog‘istondan Janibek Piyazov va Gulbahor Aqimbetovalarga berildi.

Qashqadaryo viloyatidan Mahmatmurod Rajabov, Qoraqalpog‘istondan Adilbek Baxtibayev, Toshkent viloyatidan Talg‘at O‘rinbayev, Xorazm viloyatidan Karimbay Otamurodov ikkinchi, Surxondaryo viloyatidan Ravshan Mahmatmurodov va Muhammad Eshboyev, Jizzax viloyatidan Ozod Temur, Qoraqalpog‘istondan Quvanish Seytimbetovlar uchunchi o‘rinni egalladi.

Shuningdek, «Eng yosh baxshi», «Eng namunali jamoa», «Eng iqtidorli ayol baxshi», «Eng yaxshi termalar ijrochisi» kabi 13 ta nominatsiya bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Folib va sovrindorlarga maxsus diplom va pul mukofotlari tantanali tarzda topshirildi.

 

A.Jiyemuratov,

Qoraqalpog‘iston axborot  

agentligi muxbiri