Prezident Shavkat Mirziyoyev paralimpiyachilar bilan uchrashuvda Hakim Termiziy bobomizdan iqtibos keltirdi.

– Men ushbu uchrashuvga tayyorgarlik ko‘rishda buyuk bobolarimizning hikmatlarini izladim. Bilasizki, musobaqalarda vakillarimiz erishgan yutuqlar tinimsiz jismoniy mashqlar bilan birga, kuchli ruhiy tayyorgarlik, mustahkam iroda va pok niyat samarasidir.

Chindan ham, ulug‘ mutafakkir Hakim Termiziy bobomiz aytganlaridek: “Inson biron narsani yo‘qotsa, qayg‘urmasligi kerak. Faqat niyatni yo‘qotsa, qayg‘urishi kerak. Chunki, har qanday xayrli ish, pok niyat bilan ijobat bo‘ladi”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ma’lumki, og‘ir pandemiya sharoitida Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish, katta yutuqlarga erishish oson bo‘lmadi. Musobaqaning dastlabki kunlarida Tokio shahrida 25 nafar sportchimizga nisbatan qattiq karantin talablari qo‘llangani ham jiddiy muammolar tug‘dirdi.

O‘z yo‘nalishlarida g‘oliblikka asosiy da’vogar hisoblangan Lobar Xurramova, Sevinch Salayeva, Vasila Aliboyeva singari dzyudochi qizlarimiz shunday sabablar tufayli bahslarda ishtirok eta olmadi.

Davlatimiz rahbari ushbu sportchilarimiz 2024 yil Parijda o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlarida o‘zlarining nimalarga qodir ekanligini albatta isbotlashiga umid bildirdi.

– Men shu o‘rinda bu galgi musobaqalarda omadi kelmagan yoshlarimizga qarata aytmoqchiman: jahondagi eng kuchli sportchilar bellashgan Paralimpiya o‘yinlarida qatnashib, o‘z salohiyatingizni dunyoga namoyon etganingizni o‘zi ham katta iftixordir, – dedi davlat rahbari.

 

O‘zA