O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasidan Xalq deputatlari Nukus shahar Kengashi deputati Yaxshibeka Abdullayeva Nukus shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda mahalliy tadbirkorlar bilan hamkorlikda savobli ishga bosh qo‘shdi.

Nukus shahridagi «Chimboy chayxona» mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi «Ayollar daftari»ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning bolalariga quvonch ulashish maqsadida 4 nafar bolaning sunnat to‘yi o‘tkazib berildi.

Tashkil etilgan marosimga bolajonlarning ota-onalari va yaqinlari ham taklif etildi.

Tadbirda Nukus shahar hokimi U.Panayev va boshqalar bolajonlarni tabriklab, kelajakda yetuk inson bo‘lib yetishishlarini tiladi.

– Hududimizdan saylangan deputatning tashabbusi, tadbirkorlarimizning qo‘llab-quvvatlashi bilan o‘tkazilgan tadbir bolajonlarga va ularning oila a’zolariga katta quvonch ulashdi, – deydi «Chimboy chayxona» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nao‘rizbay Qurbanov. –Barchamiz hamkorlikda kam ta’minlangan, ijtimoiy yordamga muhtoj insonlarning bugungi kundan rozi bo‘lib yashashi uchun barcha choralarni ko‘ryapmiz.

Tadbir yakunida to‘yi nishonlanayotgan bolajonlarga Nukus shahar hokimligi nomidan estalik sovg‘alari taqdim etildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA