«Effect.uz» axborot agentligi xodimlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tumani sudi faoliyatiga oid lavha yuzasidan Sudyalar oliy kengashi matbuot xizmati bayonot berdi.
Lavhada aks etgan «Effect.uz» xodimlarining sud raisi xizmat xonasiga bostirib kirib, sud majlisida ishtirok etish va jarayonni tasvirga olishni o‘ta qo‘pol tarzda talab qilishi jurnalist odobiga zid xatti-harakat, sud mustaqilligi va sudya daxlsizligiga ochiqdan ochiq tajovuz va hurmatsizlik, deyiladi bayonotda.
Shuningdek, kengash matbuot xizmatining ta’kidlashicha, jurnalist yoki blogerlarning ochiq sud majlisida ishtirok etishiga hech qanday monelik yo‘q. Biroq, protsessual qonunchilik talabiga ko‘ra, sud jarayonini tasvirga olinishiga ruxsat berish (taraflarning fikrini inobatga olgan holda) sud majlisiga raislik etuvchi tomonidan hal etiladigan masala.
«Effect.uz» xodimlari o‘rnatilgan tartibga rioya qilmasdan sud majlisiga ruxsatsiz va videokamerani yoqqan holda kirib, tuman sudi ish yurituvidagi firibgarlikda ayblanayotgan I.X.ga oid sud jarayonni videotasvirga tushirish haqida og‘zaki iltimosnoma bilan murojaat qiladi. Uning iltimosnomasi raislik qiluvchi tomonidan (taraflar fikrini inobatga olgan holda) rad qilingach, jurnalist sudlanuvchining yaqin qarindoshlari bilan yana janjal ko‘tarib, sudga namoyishkorona hurmatsizlik ko‘rsatadi.
Yuqoridagi shaxslarning xatti-harakati, xususan, sudga hurmatsizlik qilgani va raislik etuvchi sudya va IIB xodimlarining qonuniy talabiga bo‘ysunmagani holati bo‘yicha tuzilgan material yuzasidan surishtiruv olib borilayotgan bir paytda «Effect.uz» xodimlari holat bir tomonlama talqin etilgan ikkinchi lavhasini ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etadi.
Bu surishtiruv ishlariga ta’sir o‘tkazish, sudlar faoliyati va sudyalar daxlsizligiga navbatdagi hurmatsizlik hamda jurnalist tomonidan bugungi ochiqlik siyosatini hamda o‘z vakolatini suiiste’mol qilishdan boshqa narsa emas.
Shunga ko‘ra, holatga huquqiy baho berish so‘rovi bilan Sudyalar oliy kengashi raisi tomonidan O‘zbekiston Bosh prokuroriga nomiga taqdimnoma kiritildi.
Natijasi haqida qo‘shimcha axborot beriladi.