Indoneziyaning Sulavesi orolida yer qimirlashi oqibatida halok bo‘lgani aniqlangan fuqarolar ayni paytgacha 46 nafarni tashkil etmoqda.

Bu haqda mahalliy “Tempo” nashri mamlakatning Tabiiy ofatlarga qarshi kurash milliy boshqarmasi (BNPB) ma’lumotiga tayanib xabar tarqatgan.

Bundan avvalgi xuddi shu mavzuga oid axborotda hodisa natijasida 42 kishi nobud bo‘lgani va 637 odam jarohatlangani aytilgan.

Qayd etilishicha, Indoneziyaning G‘arbiy Sulavesi provinsiyasi hukumati voqeadan so‘ng hududda favqulodda holat e’lon qilgan. Boshqarma boshlig‘i Doni Monardo yaqin bir-ikki hafta ichida vaziyat bekor qilinishi mumkinligi to‘g‘risida bayonot berdi.

“Favqulodda holat muddati cho‘zilishi joylardagi vaziyatga bog‘liq”, – deya ta’kidladi Doni.

Mazkur boshqarma tomonidan provinsiya hukumati hamda zilziladan bevosita zarar ko‘rgan Mamuju va Majene okrugiga jami 4 milliard Indoneziya rupiyi (284 ming dollardan ziyodroq) miqdorida yordam ajratildi. Shuningdek, tabiiy ofatga qarshi kurash doirasida odamlarga chodir, ko‘rpa-to‘shak, niqob va boshqa eng zarur vositalar tarqatildi.

O‘zA avval xabar berganidek, Indoneziyaning G‘arbiy Sulavesi provinsiyasidagi Mamuju shahri yaqinida 6,2 balli yer qimirlashi yuz berdi. Dastlab hodisa natijasida qariyb 15 ming kishi o‘z yashash joyini tashlab ketishga majbur bo‘ldi. Mamlakat prezidenti Joko Vidodo zilziladan jabrlangan oilalarga hamdardlik bildirib, mahalliy hokimiyat mas’ullariga ofat oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurgan.

O‘zA