Turkiya Respublikasi TIV rahbari Mevlyut Chovusho‘g‘li Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Turkiya prezidenti Tayyip Erdo‘g‘an nomiga “juda yaxshi” maktub yo‘llagani, Anqara va Parij o‘rtasidagi munosabatlarni izga solish istagini bildirganini aytgan.
Chovusho‘g‘lining quyidagi so‘zlari “Sabah” gazetasi sahifasida keltirilgan: “Bundan ikki kun oldin biz Makrondan juda yaxshi, ijobiy mazmundagi xatni oldik. Ushbu maktub orqali u bizning prezident bilan uchrashish, aloqalarni yaxshilash istagida ekanini izhor qilgan. Hatto, o‘z qo‘li bilan turk tilida “Qadrli Tayip”, deb yozib, qizg‘in salom yo‘llagan.
Vazirning aytishicha, o‘z navbatidpa turk davlati yetakchisi ham fransuz hamkasbi xatiga nisbatan iliq munosabatda bo‘lgan.
“Bizning prezident shunday dedi: “Albatta, mamnuniyat bilan uchrashamiz”. Mulozim, shuningdek, “Bu yerda gap, avvalambor, videokonferensiya va telefon orqali suhbatlashish haqida borayotgani”ni ham qo‘shimcha qildi.
Yodingizda bo‘lsa, Parij yaqinidagi Konflan-Sent-Onorin kommunasida tarix o‘qituvchisi Samuel Patining o‘ldirilishi ortidan Makron bergan ayrim bayonotlardan so‘ng ikki mamlakat rahbari orasiga biroz sovuqlik tushgandek bo‘lgandi. Hatto, vaziyat rasmiy Parijning Anqaradagi o‘z elchisini maslahatlashish uchun chaqirib olinishi darajasigacha yetgan edi.
O‘zA