Oʻrganish davomida Qoraoʻzak tumani “Berdaq” OFY hududidagi “Imom Yoqub” va “Kulki kujak” fermer xoʻjaliklari paxta dalalarida hosilni yigʻib-terib olayotgan 100 ga yaqin terimchilar bilan boʻlgan suhbatlarda har bir kilogramm paxta uchun qoʻshimcha 200 soʻmdan toʻlanmaganligi, ikkinchi terimda 1 kg paxta uchun 1200 soʻmdan terim puli berilganligi aniqlandi. Hattoki, otryad boshliqlari ikkinchi terimda 1400 soʻmdan toʻlanishini bilmasligini ham aytib oʻtdi.
Suhbatlar davomida ishchi guruh aʼzolari masʼullar va terimchilarga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 545-sonli qarori asosida har bir terilgan 1 kg paxta uchun qoʻshimcha 200 soʻmdan toʻlanishi boʻyicha tushintirish ishlarini olib bordi.
Ishchi guruh Xoʻjayli, Shoʻmanoy, Taxtakoʻpir, Chimboy va Nukus tumanlarida ham boʻldi. Ilgʻor terimchilarga sovgʻalar topshirildi. Ularga yaratilgan sharoitlar koʻzdan kechirildi. Dalalarda pandemiya sharoitini inobatga olib, paxta yigʻim-terimi ishlari sanitariya va gigiyena qoidalariga rioya qilgan holda tashkillashtirilgani, terimda ishtirok etayotgan terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlari yaratilganiga guvoh boʻlishdi.
Eslatib oʻtamiz, paxta yigʻim-terimi davomida majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik hamda terimchilar uchun munosib mehnat va dam olish sharoitlarini yaratilishda mutasaddi tashkilotlar ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlash boʻyicha tashkil qilingan respublika ishchi guruhi ayni paytda Qoraqalpogʻistonda boʻlib turibdi.