Tushkun kayfiyat, charchoq, hayotga boʻlgan qiziqishning soʻnishi nimadan darak?

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida oʻtkazilgan brifingda taʼkidlanishicha, inson organizmida rux, yaʼni sink moddasi tanqis boʻlsa, avvalo sezish qobiliyatlari – koʻrish, hid va taʼm bilish izdan chiqar ekan. Bu esa, oʻz navbatida ishtaha yoʻqolishiga, ovqat hazm qilishning buzilishiga, shapkoʻrlik kabi kasalliklarga olib kelishi mumkin.
– Tushkun kayfiyat, charchoq, hayotga boʻlgan qiziqishning soʻnishi rux yetishmasligining asosiy belgilaridir, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi koronavirusga qarshi kurash shtabi azosi Barno Odilova. – Soch toʻkilishi, tirnoqlarda oq dogʻlar paydo boʻlishi, dermatit va yaralarning sekin bitishi, suyaklarning moʻrt boʻlib, revmatizm va artrit kasalliklari kelib chiqishi ham rux yetishmasligi tufayli kelib chiqadi.
Mutaxassis kasallikning oldini olish uchun tarkibida rux elementi koʻp boʻlgan tabiiy meva-sabzavotlar, koʻkatlar, ziravorlar, dukkakli don mahsulotlari hamda ulardan tayyorlangan milliy taomlarni muntazam isteʼmol qilishni tavsiya qilmoqda.
Shuningdek, uzum va tut shinnisi, oʻrik va achchiq bodom danagi, qora mayiz, turshak, yongʻoq, kepakli non, sumalak, kartoshka, pomidor, noʻxat, sut va goʻsht mahsulotlari hamda tuxum sarigʻining tarkibida rux moddasi koʻp.

 

Mohigul Qosimova, OʻzA