“Hokimingizga ayting, menga qoʻngʻiroq qilsin!”

…Kuz. Sargʻaygan barglarning bir bir yerga ohista tushishi kishini oʻylantirib qoʻyadi. Yerparchin boʻlib yotgan barglarning ustiga shivirlab yogʻayotgan yomgʻir tomchilari barglarni billurdek tovlanishiga xizmat qilmoqda. 
Yerda yurgan hasharotlar ham jonsarak. Juft-juft boʻlib qayergadir shoshmoqda. Shuginalar ham bir biriga mehribon. Juda chiroyli manzara… Xayolimni “Menga yordam beradigan biror jon bormi-yoʻqmi? Qachongacha senlarning yordamingni kutib, qiynalib yashashimiz kerak? Eshik qoqib kelmagunimizcha, yordam berishni oʻylamaysizlar ham? Oʻzi hokim qayerda? Oʻtgan safar kelganimda menga qoʻngʻiroq qilsin, degandim. Nega qoʻngʻiroq qilmadi?” degan ovoz buzdi. Erkakning keyingi soʻzlari menga eshitilmadi.
Hayron boʻldim. Shu paytgacha davlat idorasiga kelib soʻzlashishning oʻzi xos etikasi bor deb oʻylar ekanman.
– Siz matbuot kotibimisiz? Men oltinsoylik blogerman. Hokimingiz ishlaydimi-yoʻqmi oʻzi? Ishlamasa, ketsin. Nima, u Shoʻrchining shoʻriga bino boʻlganmi? Tumaningizda hokimingiz yemagan hech qayer qolmadi-ku. Manglayidan ter oqib ishlamagani uchun ham qayerga qaramang, muammo, qayerga qaramang, murojaat. Uysiz ayollar qiynalib yuribdi. Ishlasa, tuzuk ishlasin. Boʻlmasa respublika gazetalarining biridan jurnalist chaqirtirib, tanqidiy maqola chiqartiraman.
– Yaxshimisiz oʻzi, bu nima deganingiz? Biroz tushunarliroq qilib gapiring. Muammoga keladigan boʻlsak, sizni qiynayotgan muammo nimada? Ayting, oʻrganamiz. Masalaga oydinlik kiritamiz.
– Sizdan keladigan gap shu-da oʻzi. Muammo boʻlsa, yechamiz deyishdan nari oʻtmaysiz. Advokatlikdan boshqa ishni ham eplang-da endi. Yoningizga ikki farzandi bilan eri haydab yuborgan ayol boradi. Zoʻr boʻlsangiz, shuning masalasini hal qilib bering-chi? Shundan keyin sizni ham, hokimingizni ham tinch qoʻyaman.
Yelkasida shoʻrchilik ayollarning muammolarini koʻtarib yurgan oltinsoylik bloger yuborgan murojaatchi ayol eshik qoqib keldi-yu, kelganidan oʻzi uyaldi.
– Aslida bilib turib noqonuniy qurgan ikki xonali uyimiz uchun bolalarimning otasi bilan sudlashib yuribmiz. Bunda tuman hokimining aybi yoʻq. Baraka topsin, pandemiya boʻlishiga qaramay, bir necha marta yordam berdi. Faqat shu sud ishlari biroz choʻzilib ketdi-da.
– Opa, oltinsoylik blogerga hokimimizdan norozi ekanligingizni aytgan ekansiz?
– Norozi emasman. Nega norozi boʻlay? Farzandlarim uchun moddiy yordam va uy qurib olishim uchun toʻrt sotix yer bergan boʻlsa. Uy qurishga imkoniyatim yoʻqligi sababli berilgan yerga mayda-chuyda ekib, dehqonchilik qilayapmiz. Sud borasida aytgan gaplarimni oʻsha bloger notoʻgʻri talqin qilganga oʻxshaydi. Oʻzi “Hokimning matbuot kotibining yoniga boring, sizga yordam beradi” deganida, sud ishlariga hokim bilan matbuot kotibining nima aloqasi bor ekan, deb hayron boʻlgandim. Singlim, xafa boʻlmang. Oʻzi oxirgi paytlarda ayollarning gap-soʻzlarini notoʻgʻri talqin qilib, internetga joylashtiradiganlar koʻpayib ketdi. Hech qachon hokimdan noroziman demaganman.
Toʻgʻri, yechimi kimgadir bogʻliq boʻlgan muammoning bartaraf etilishi biroz mushkul. Shuning uchun yechimini kutayotgan muammolar koʻpayib borayotgani ham chin. Garchi vazifamga kirmasa-da, insoniylik nuqtayi nazaridan sud raisi bilan telefon orqali bogʻlanib, murojaat yuzasidan suhbatlashdik. Suhbatdoshim ham yaxshi inson ekan, masalaga doir fikrlarini bildirish asnosida ikki norasida farzandi bilan turmushidan ajrashgan ayolga imkon qadar yordam qilishini aytib oʻtdi.
“Hm-mm! Yaxshi birgina murojaatni salgina ijobiyroq yechibsiz. Bu bilan maqtanmang”. Notanish raqamdan telefonimga kelgan bu xabarni zoʻrgʻa tushunib olgunimcha xabar egasi qoʻngʻiroq qildi.
– Bitta fermerning yerini noqonuniy ravishda olib qoʻygan hokimingiz zudlik bilan oʻziga qaytarib bersin. Aks holda, boplab turib ijtimoiy tarmoqqa chiqaraman. Oʻtgan galgi, eri yoʻq ayolga yordam berganingiz uchun xabarimni ijtimoiy tarmoqdan oʻchirdim. Yeri tortib olingan fermer haqida yozmay turaman. Agar hal qilmasangiz, yozib chiqaraman. Aytgancha, mening raqamimni hokimingizga bering, menga qoʻngʻiroq qilsin…
Bunisi hammasidan oshib tushdi. Oʻqigan-oʻqimagan, tushungan-tushunmagan, men blogerman deb rahbarlarni tanqid qilaversa, kamiga “Mening raqamimni hokimingizga bering, menga qoʻngʻiroq qilsin”, deb tursa, bu haddini bilmaslik emasmi?
Keyingi vaqtlarda ayollarimizning qadrini toptaydigan, rahbarlarni xalq orasida obroʻsizlantiradigan, notoʻgʻri talqin qilingan xabarlarni tarqatish urfga kirdi. Ularning nazdida goʻyo mutasaddi idora xodimlari pashsha qoʻrib oʻtiribdi. Aslida hech bir murojaat eʼtiborsiz qolayotgani yoʻq. Imkon qadar fuqarolarning manfaati himoya qilinib, ularga qonun doirasida yordam berilmoqda.
Toʻgʻrisi, hozirgi pandemiya hammani toliqtirib qoʻydi. Ortiqcha harakat, oʻrinsiz gap-soʻzlar hech kimga yoqmayotgani ham bor gap. Ammo ehtiyojmand oilalarni qoʻllash, oilalar doimiy daromad manbaiga ega boʻlishini taʼminlash boʻyicha bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Shunday vaqtda oʻzini blogerman, deb atovchi hamyurtlarimiz soxta ismlar bilan yolgʻon xabar tarqatmasdan, karantinda qiynalayotgan fuqarolarga xolisona yordam qilsa yaxshi boʻlardi.
Nigina SHOYEVA,
jurnalist

 

O’zA