Shumanaydagi eng katta muammo ishsizlik, unga bosqichma-bosqich barham berilmoqda

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Shumanay tumani 1950-yilda tashkil topgan. 
Tumanning umumiy maydoni 0,79 ming kv.km (78 ming 831 gektar). Hududda 56,141 ming fuqaro istiqomat qiladi.
Bu yerda oʻzbek, qoraqalpoq, qozoq, turkman va boshqa millat vakillari yashaydi. Tuman iqtisodiyoti paxta-gʻallachilik sohalariga ixtisoslashgan.
Xalq deputatlari Shumanay tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida maʼlum qilinishicha, Shumanaydagi eng katta muammo ishsizlik va unga bosqichma-bosqich barham berilmoqda. Tumanda 2 ta yirik sanoat korxonasi bor. Ulardan biri “Shumanay ekoteks” MCHJ hozir toʻliq quvvatda ishga tushgan. “Shumanay teks” MCHJ 2020-yil oxiriga qadar ishga tushadi. Biz tumandagi yirik sanoat korxonasi va issiqxona faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
– Korxona qurilishi 2018-yilda boshlangan. Uskunalarni xarid qilish uchun bankdan 12 million dollar kredit oldik. Faoliyatimizni 2020-yil mart oyida boshladik. Asosiy xom ashyo paxta va undan ip-kalava ishlab chiqariladi. Bu yerda hozir 480 nafar ishchi 3 smenada ishlaydi. Pokistondan kelgan mutaxassislar ishchilarga dastlabki koʻnikmalarni berdi.
Yiliga 7 ming 300 tonna ip-kalava ishlab chiqariladi. Yarim tayyor mahsulot asosan Rossiya, Xitoy, Turkiya, Pokiston davlatlariga eksport qilinadi. 2020-yilda 5 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan. Paxta hududning oʻzidan olinadi. Korxona yonidagi 9,8 gektar maydonda toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarishni rejalashtiryapmiz, – dedi “Shumanay ekoteks” MCHJ direktori oʻrinbosari Faxriddin Hakimov.
– Bu yerda ish boshlashdan oldin uy bekasi edim. 2020-yil yanvar oyidan “Shumanay ekoteks” MCHJga qabul qilindim. Sex ishga tushishidan avval ish oʻrgandik. Men bu yerda ipni qayta ishlab chiqarishga masʼul, 20 nafar xotin-qizning ish jarayonini nazorat qilaman.
Bundan tashqari, kasbim hamshira boʻlgani uchun ishchilarga birinchi yordam koʻrsatish vazifasi ham menga yuklatilgan. Buning uchun korxonada tibbiyot xonasi mavjud. Ishchilarning 80 foizidan ortigʻini xotin-qizlar tashkil etadi. Ularning koʻpchiligi avval ishsiz boʻlgan. Endi esa oilamizga qoʻshimcha daromad olib kiryapmiz, – deydi “Shumanay ekoteks” MCHJ ishchisi Nigora Pirnazarova.
– Bizning tumanda ishsizlik darajasi yuqori. Ayniqsa biz kabi yosh qizlarga qulay ish topish juda qiyin. “Shumanay ekoteks” MCHJ faoliyatini boshlayotganini eshitib, shu yilning yanvar oyida ish soʻrab keldim. Mutaxassislardan ish jarayoni haqida toʻliq maʼlumot oldik. Dastlab ipni qayta ishlab chiqaruvchi uskuna ishlashini nazorat qilar edim. Uch oy avval laboratoriya boʻlimiga oʻtdim. 20 ta uskuna qayta ishlagan iplarni tekshirib, daftarga yozib boraman. Ip-kalavaning ogʻirligi, sifati meʼyorida boʻlmasa, rahbarimga xabar qilaman. Shu yerda ishlayotganimdan mamnunman. Bizga qulay mehnat sharoiti yaratilgan. Ish haqini oʻz vaqtida olamiz, har kun bir mahal ovqat beriladi, – dedi “Shumanay ekoteks” MCHJ laboranti Kamila Televova.
Tumanda issiqxonalar soni sezilarli darajada oshib bormoqda. Bu mahalliy poliz ekinlarining narxi barqaror boʻlishini taʼminlaydi, shuningdek, koʻplab ish oʻrinlari yaratiladi. “Shumanay Meridian” va “Rann omad” MCHJning har biri 1 gektardan poliz mahsulotlarini yetishtirish boʻyicha zamonaviy issiqxona boʻlib, 2018-yilda ish boshlagan.
– Akam bilan tuman hududidan 1 gektardan yer olib issiqxona qurdik. Buning uchun bankdan 500 ming dollar kredit oldik. Jami 2 gektarda serhosil pomidor va bodring navlari almashtirib ekiladi. Shumanayning yeri shoʻr, ekinlardan yuqori hosil olish qiyin. Bu yerda gidroponika usulida issiqxonalar barpo etishga koʻp pul ketadi. Qizilmiya tomiri, yaʼni chiqindisi, tuproq, gung, qum aralashtirib tayyorlagan joyda ekin ekiladi. Bu gidroponikadan arzon tushadi.
Poliz mahsulotlariga mahalliy oʻgʻit bilan ishlov beriladi va tomchilatib sugʻoriladi. Bunday issiqxonalar suvni tejashi, hosildorligi bilan ajralib turadi. Bodring yozda 45, qishda 90 kunda tayyor boʻladi. Issiqxonalarda 20 kishi ish bilan taʼminlangan. Yiliga ikki marta hosil olib, jami 120 tonna poliz mahsulotini ichki bozorga yetkazib beramiz. Hozirgi kunda qadiyar va pantena navli bodring yetishtirilmoqda, – dedi “Rann omad” MCHJ rahbari Roʻzimat Umurzoqov.

 

X.Qodirov, OʻzA