Federatsiya matbuot xizmati maʼlum qilishicha, onlayn seminarda Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlardagi tuman kengashlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Amaliy seminarda Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT)ning Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan “Zoʻraki yoki majburiy mehnat toʻgʻrisida”gi, “Majburiy mehnat toʻgʻrisida”gi, “Ishga qabul qilish uchun eng kichik yosh toʻgʻrisida”gi, “Bolalar mehnatining ogʻir shakllarini taqiqlash va yoʻq qilishga doir shoshilinch choralar toʻgʻrisida”gi konvensiyalari talablariga rioya etilishi, shuningdek, paxta yigʻim-terimiga terimchilarni jalb qilishda ular bilan mehnat shartnomalarini tuzish, ularni kasaba uyushma aʼzoligiga jalb qilish hamda boshqa bir qator masalalar muhokama etildi.
Taʼkidlanganidek, bugungi kunda aholini fuqarolarning ijtimoiy mehnat huquqlaridan, shuningdek, majburiy va bolalar mehnatiga yoʻlga qoʻymaslik borasidagi milliy mehnat standartlari hamda Xalqaro mehnat tashkiloti konvensiyalari qoidalaridan xabardor qilish maqsadida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Maʼlumki, inson biror mehnat turi bilan ixtiyoriy boʻlmagan tarzda shugʻullansa, bu majburiy mehnat holati yuzaga kelganini anglatadi. Majburiy mehnatning turli koʻrinishlari mavjudligi, biror soha bilan cheklanib qolmaganligi ushbu muammoni bartaraf etishdagi murakkab jihatlardandir.
Sir emas, avvallari fuqarolar, jumladan, taʼlim, sogʻliqni saqlash muassasalari, byudjet tashkilotlari xodimlarini, oʻquvchi va talabalarni majburiy mehnatga, xususan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari, qishloq xoʻjaligi yumushlari, metall chiqindilar toʻplash va boshqa turdagi mavsumiy ishlarga jalb qilish holatlari mavjud edi. Oxirgi yillarda Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodasi va tashabbusi bilan ijtimoiy mehnat munosabatlari sohasida olib borilayotgan tizimli islohotlar natijasida bugungi kunda bu kabi salbiy holatlarga batamom chek qoʻyish borasida keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda. Davlatimiz tomonidan ushbu yoʻnalishda jiddiy say-harakatlar amalga oshirilib, fuqarolarning mehnat sohasida huquqiy ongini oshirish, jamoat nazoratini taʼminlash, rahbarlarda qonunga nisbatan hurmat hissini va huquqiy bilimlarini kuchaytirish, bu orqali majburiy mehnatga yoʻl qoʻymaslik tadbirlari olib borilmoqda.
Tabiiy savol tugʻiladi: Xoʻsh, majburiy mehnatga barham berish borasida qanday huquqiy asoslarga suyanishimiz kerak? Eng avvalo, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 37-moddasida sud hukmi bilan tayinlangan jazoni oʻtash tartibidan yoki qonunda koʻrsatilgan boshqa hollardan tashqari majburiy mehnat taqiqlanishi aniq koʻrsatilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 7-moddasiga binoan majburiy mehnat, yaʼni biron-bir jazoni qoʻllash bilan tahdid qilish orqali (shu jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida) ish bajarishga majburlash taqiqlanadi.
Taʼkidlash joizki, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 10-maydagi “Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatga barham berishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bu boradagi qonuniy talablar ijrosini taʼminlashda muhim amaliy qadam boʻldi. Qarorga muvofiq, hokimlar, barcha darajadagi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlariga tegishli koʻrinishdagi majburiy mehnat holatlarining zudlik bilan oldini olish va chek qoʻyish, bunday holat roʻy berganda esa huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish vazifalari yuklatildi.
Paxta hosilini nes-nobud qilmasdan oʻz vaqtida va sifatli yigʻib-terib olish, yigʻim-terim ishtirokchilariga zarur sharoitlar yaratilishi, tergan paxtasi uchun munosib haq toʻlanishini taʼminlash hamda boshqa ragʻbatlantiruvchi usullar joriy etish, ushbu qulayliklarni OAV va boshqa vositalar koʻmagida keng targʻib qilish asosida aholi vakillarini paxta terimiga ixtiyoriy jalb etish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi paxta yigʻim-terimi mavsumida terimchilarga munosib mehnat sharoitlari yaratilishi, ularni sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash borasida jamoatchilik nazoratini olib boradi. Shuningdek, terim otryadlari aʼzolari kasaba uyushmasiga aʼzo boʻlishlari hamda ularning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha jamoa muzokaralarini oʻtkazish huquqidan foydalanishlari uchun imkoniyatlarni yaratish belgilangan.
Federatsiya tomonidan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan hamkorlikda davlat va xoʻjalik boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari uchun moʻljallab ishlab chiqilgan “Majburiy mehnat xavf-xatarlarining oldini olish” boʻyicha uslubiy qoʻllanma paxta mavsumi bilan bogʻliq majburiy mehnat holatlariga barham berishda yaqindan koʻmakdosh boʻlishiga shubha yoʻq.
Amaliy seminarda klaster va fermer xoʻjaliklari rahbarlarining quyidagi majburiyatlari ham alohida taʼkidlab oʻtildi:
– dala shiyponlari, paxta yigʻim-terimi tashkil etiladigan dalalarda mehnat sharoitlarining mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq boʻlishini taʼminlash;
– terimda ishtirok etadigan terim otryadlari rahbarlari va terimchilar uchun paxta dalasida xavfsizlik qoidalariga rioya qilish yuzasidan tegishli mehnat muhofazasi boʻyicha yoʻriqlarni berish (paxta hosilini yigʻib-terib olish maydonlarida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan xavf-xatarlar toʻgʻrisida tushuntirish berish hamda masʼullarning javobgarligini oshirish);
– terimda ishtirok etadigan terim otryadlari uchun yotoq joylarini tasdiqlangan dislokatsiya asosida belgilash hamda yotoqxonalari va ovqatlanish joylarini tuman sanitariya-epidemiologiya markazlari bilan shartnoma orqali dezinfeksiya qilishni tashkil etish;
– paxta yigʻim-terimida ishtirok etadiganlar (mexanizator, tarozibon, paxtani yuklovchi va boshqalar) tomonidan mehnat muhofazasi va texnika xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini nazorat qilish;
– terim ishtirokchilari sogʻligʻini nazorat qilib borish maqsadida yotoqxonalarda tibbiy punkt tashkil etish va zarur dori-darmonlar bilan taʼminlash.
Seminar yakunida barcha ishtirokchilarga terimchilar uchun munosib mehnat sharoitlari yaratilishi boʻyicha jamoatchilik nazoratini olib borish borasida tegishli tavsiyalar berildi.